Buxoroda Markaziy Osiyo ekspertlar forumining yakunlovchi majlisi boʻlib oʻtdi.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishi mintaqada yagona tarixiy-madaniy makon mustahkamlanishining omili sifatida” mavzuida oʻtgan anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston siyosiy va yetakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N.German va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov soʻzga chiqdi.
Anjuman maʼruzalarida mintaqadagi eng qadimiy shaharlardan boʻlgan Buxoroning dunyo tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasi alohida eʼtirof etildi.
Ekspertlarning qayd etishicha, hozirgi paytda Markaziy Osiyoda tarixiy-madaniy, meʼmoriy-arxeologik qiymatga ega 10 mingdan ziyod osori-atiqa boʻlib, bu mintaqa tarixiy merosining jahon miqyosidagi ahamiyatini koʻrsatib turibdi. Bu merosning bugungi kunda dunyoda va mintaqada yuz berayotgan murakkab jarayonlarda muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirishda ulkan roli borligi taʼkidlandi. Ayni shu masalada Markaziy Osiyoda madaniyatlararo va sivilizatsiyalararo muloqotlarni rivojlantirish anʼanalariga eʼtibor qaratildi.
Anjumanda Markaziy Osiyoda madaniy-gumanitar hamkorlikning yanada kengayishi muhimligi nazarda tutilib, qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha jamoaviy mualliflar tomonidan asarlar va oʻquv adabiyotlari yaratish, umuman, hududning tarixini kompleks oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutlari tashkil etish, ikki tomonlama va koʻp tomonlama akademik tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, Buyuk ipak yoʻli boʻylab uygʻunlashgan sayyohlik yoʻnalishlari tashkil etish, madaniy festivallar, tanlovlar, koʻrgazmalar, sport musobaqalari oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
– Bugun dunyodagi vaziyatdan boxabar boʻlishda, odamlarni axborot bilan taʼminlashda media sohaning oʻrni katta, – dedi qozogʻistonlik ekspert Asel Nazarbetova. – Ana shunday sharoitda mintaqalararo yagona mediamakonni shakllantirish taqozo etiladi. Yagona axborot makoni umumiy tarixiy ildizi bir boʻlgan mintaqamiz mamlakatlari uchun ham muhimdir. Bu borada qoʻshma internet sayti, axborot portali tashkil etish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Bu mediamakon oʻz madaniyatimiz, maʼnaviy-axloqiy xususiyatlarimizni rivojlantirish va ommalashtirish nuqtai nazaridan dolzarb hisoblanadi.
Ekspertlar forumi yakuni boʻyicha bayonnoma qabul qilindi. Unga koʻra, tomonlar 2023 yilgacha moʻljallangan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari, xususan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqaror mustahkamlanishini taʼminlash, transport-tranzit, madaniy-gumanitar, sayyohlik, ekologiya sohalarida hamkorlik, iqtisodiy integratsiya, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish, demografik muammolarni hal etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilangan amaliy dastur rejasini ishlab chiqish xususida kelishib oldilar.
Erkin Yodgorov, OʻzA