O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sogʻliqni saqlash vazirligining axboroti
2018-10-31 | Sog‘liqni saqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi S.S.Saidaliyevning Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush koʻchasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanish boʻyicha rasmiy axboroti.
2018-yil 31-oktyabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush koʻchasi 37-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan guruxli ovqatdan zaxarlanishda gumon holati boʻyicha quyidagilar maʼlum qilinadi:
Xonadon egasi Alisher Akbarovning 42 yoshli ayoli Umida Xaitova 2018-yil 30-oktabr kuni soat taxminan 20:00 larda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazinig roʻparasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona, sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va uksus solingan piyoz sotib olgan va uyiga olib borgan. Uni oila aʼzolari, yaʼni qizlari Aziza Akbarova (1996-yil), Eʼzoza Akbarova (2001-yil), Iroda Akbarova (2003-yil) va oʻgʻli Farrux Akbarov (2012-yil) bilan birga soat 20:30da isteʼmol qilgan.
U.Xaitovaning bergan maʼlumotiga koʻra, kabobda noxush xid va taʼm sezishmagan. Soat 23:30 larda bolalar, uyning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlashgan. Ularda hech qanday kasallik belgilari kuzatilmagan. U.Xaitovaning taxminan soat 23:30 larda boshi qattiq ogʻrigan, koʻngli aynib, va koʻp marta qayt qilgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob isteʼmol qilingan vaqtda uyda boʻlmagan, taxminan soat 24:00da uyga qaytgan. Turmush oʻrtogʻining sogʻligʻi yomonlashganligi toʻgʻrisida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishmagan.
2018-yil 31-oktabr tong soat 4 larda U.Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib koʻrganda bolalarini ogʻzidan koʻpik qusuqlari chiqib, behush xolda yotganligini koʻrib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30 da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U.Xaitovaning qizlari Aziza Akbarova, Eʼzoza, Iroda va oʻgʻli Akbarov Farruxda biologik oʻlim holati qayd etilgan.
Ayni paytda A.Akbarov sogʻlom, uning turmush oʻrtogʻi U.Xayitovaga esa Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.
Maʼlumot uchun, ushbu xonadon egalari Dilxush koʻchasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda koʻchib oʻtishgan. Uy yer toʻlada oʻrnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.
Yuzaga kelgan ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirigʻiga muvofiq, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiya tuzildi.
Komissiya tomonidan ushbu holat boʻyicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari oʻrganilmoqda.
A.Akbarov xonadoni va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit obyektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga topshirildi. Oʻrganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari xamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot beriladi.