O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan aholiga amaliy yordamlar koʻrsatildi
2018-10-31 | Jamiyat
Samarqand viloyatida 31-oktabr kuni kuzatilgan yomgʻir suvlari Samarqand shahridagi “Oʻzbekiston”, “Spitamenshoh”, “Narpay”, “Firdavsiy”, “Mirzo Ulugʻbek” va “M.Qoshgʻariy” kabi koʻplab koʻchalardagi ariqlarga sigʻmasdan avtomobil yoʻllariga chiqib ketishi qayd etildi. Shuningdek, koʻp miqdorda yogʻgan yomgʻir suvlari shaharning “Soʻzangaron”, “Istiqbol”, “Zarafshon”, “Shahrobod” va “Fidokorlar” mahallalaridagi koʻchalar va aholi xonadonlariga oqib kirish kabi oʻnlab noxush holatlar qayd etilib, fuqarolarga bir qator muammoli vaziyatlarni keltirib chiqardi.
Mazkur holat boʻyicha viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda murojaat qilgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatib, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldi olishga muvaffaq boʻldi.
Jumladan, kuchli yomgʻir natijasida Samarqand shahridagi “Oʻzbekiston” koʻchasidagi ariqlar suvga toʻlganligi bois 34-umumtaʼlim maktabi hovlisiga kirgan. Ushbu vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan quvurlarga tiqilgan chiqindilar tozalanib, suv yoʻli ochib yuborildi va xavfning oldi olindi.
Shuningdek, “M.Qoshgʻariy” koʻchasida harakatlanib kelayotgan “Neksiya” rusumli, “Rudakiy” koʻchasida esa “Damas” avtomashinasi yoʻlni koʻrmasligi natijasida ariqqa tushib ketishi kuzatilgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadining maxsus mashinasi yordamida ushbu texnika vositalari ariqdan chiqarildi.
Bundan tashqari, shaharning “Birlik” koʻchasidagi 1-tor koʻcha 5-uyda fuqaro M.Nigoraning yashash xonadonining yertoʻlasini suv bosgan. Maxsus vosita yordamida oqova suvlari yertoʻladan chiqarib tashlandi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarning oldi olinishiga erishilgan boʻlsa, “Fidoiylar” mahallasi 52-uyda yashovchi fuqaro Begimqulova Fotimaning uyiga oqova suvlari kirgan vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan jami 6 nafar yosh farzandlarini uy ichidan xavfsiz joyga olib chiqilib, bolajonlarning xavfsizligi taʼminlandi.