O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi
2018-10-31 | Ta’lim
Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi birinchi xalqaro olimpiada oʻtkazildi. Unda mamlakatimiz yosh matematiklari bilan birga 20 dan ortiq mamlakatning 56 oliy taʼlim muassasasi talabalari oʻz bilimini sinovdan oʻtkazdi.
Bu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning sentyabrida Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida ilgari surilganini yaxshi eslaymiz.
Darhaqiqat, buyuk mutafakkir, algebra fani asoschisi Muhammad al-Xorazmiyning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi dunyo ahlini hali-hamon hayratga solib keladi. Zamonaviy matematika, geometriya, trigonometriya, geografiya kabi fanlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan yutuqlarning tamal toshi aynan Xorazmiy bobomiz qoldirgan ilmiy meros bilan chambarchas bogʻliq.
Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-avgustdagi qarori bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida har ikki yilda bir marta matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada oʻtkaziladigan boʻldi. Mazkur olimpiadaning aynan Xorazmda oʻtkazilishida ham katta maʼno mujassam. Zero, Xorazmiy bobomiz shu zaminda tugʻilib, voyaga yetdi. Keyinchalik dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan ilmiy gʻoyalar shu tarixiy diyorda paydo boʻlgan, maromiga yetgan.
– Bu xalqaro olimpiadani tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targʻib qilish, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning matematika fani boʻyicha bilimini yanada mustahkamlash, ilm-fan yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat, – deydi fizika-matematika fanlari doktori, akademik Abdulla Aʼzamov. – Ezgu tashabbusning amalga oshganini va keyinchalik takomillashib borishini yoshlarning ilm-fan rivojiga muhim hissa qoʻshishi uchun ochilgan keng yoʻl, deyish mumkin.
Olimpiada ishtirokchilari Urganch va Xiva shaharlarini ziyorat qildi. Qadimiy Xorazmning tarixi va bir necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan osori-atiqalari bilan tanishdi. Urganch shahri markazidagi buyuk mutafakkir alloma nomi bilan ataluvchi bogʻda boʻlishdi. Al- Xorazmiy siymosiga hurmat bajo keltirilib, uning poyiga gulchambarlar qoʻyildi.
– Urganch davlat universiteti mahobatli va chiroyli ekan, – deydi Mongoliya universiteti professori Olzibat Munhadava. – Muassasada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar aʼlo darajada. Yoshlar bilan suhbatlashganimizda ularning bilim darajasi, fikrlashi bizda katta taassurot qoldirdi. Bizning talabalarimiz turli dasturlar boʻyicha izlanishlar olib borishadi, bu borada yoshlaringiz bilan hamkorlik foydadan xoli boʻlmaydi.
Xalqaro olimpiadaning asosiy sinovlari Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida oʻtkazildi. Intellektual bahslarni yurtimiz va dunyoning taniqli matematiklari, xalqaro ekspertlar, professor-oʻqituvchilardan iborat hakamlar hayʼati kuzatib bordi.
– Biz 5 ta matematik masalani 5 soat davomida ishladik, – deydi Xitoyning Pekin universiteti talabasi Minghui Ouyang. – Savollar algebra, matematik analiz, geometriya, kombinatorika yoʻnalishlarini oʻz ichiga oldi. Har bir masala yengil, oʻrta, ogʻir daraja asosida ball sistemasida baholandi. Musobaqaning yaxshi tashkil etilgani bizga maʼqul boʻldi. Eng muhimi, unda ishtirok etib, doʻstlar orttirganimizdan mamnunmiz.
Xalqaro olimpiadada eng yaxshi natijani Xitoyning Pekin universiteti, Eronning Sharif texnologiya universiteti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari qayd etdi.
Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), OʻzA