O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prorektorlar va direktor oʻrinbosarlari innovatsion menejmentni oʻrganishmoqda
2018-10-30 | Jamiyat
29-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Innovatsion menejment” oʻquv treningi oʻz ishini boshladi. Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida boʻlayotgan treningda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiya masalalari boʻyicha prorektorlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktor oʻrinbosarlari ishtirok etishmoqda. Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosarlari Azimjon Nazarov va Yoʻlbarsxon Mansurov ochib berdilar.
Oliy taʼlim muassasalarining nufuzini oshirish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib oʻringa chiqarish, taʼlim jarayonlariga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb qilish maqsadida zamon talablarini inobatga olgan holda rejali dasturlar ishlab chiqish zarurati paydo boʻldi.
Vazirlik tomonidan taqdim etilayotgan oʻquv-treningdan koʻzlangan asosiy maqsad ham mehnat bozoridagi tarkibiy oʻzgarishga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar oʻrgatadigan, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantiradigan tizimni hamda ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratishdir.
Oʻquv mashgʻulotlari besh kun – 2 noyabrga qadar davom etadi. Har kuni ikkitadan dars oʻtilishi rejalashtirilgan boʻlib, oʻquv mashgʻulotlarini Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Yoʻlbarsxon Mansurov va vazirlikning boshqa masʼul xodimlari olib boradilar.