O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston delegatsiyasining Hirot shahridagi konferensiyada ishtiroki toʻgʻrisida
2018-10-30 | Siyosat
2018-yilning 26-27-oktabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Hirot shahrida boʻlib oʻtgan “Afgʻoniston inqirozi: sabablar va yechimlar” mavzusidagi 7-xalqaro konferensiya ishida ishtirok etdi.
25 dan ortiq davlatning rasmiy shaxslari, siyosatshunoslari va tahlilchilari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari Afgʻoniston Islom Respublikasidagi joriy holatni, uzoq muddatli tinchlikni taʼminlash uchun mintaqaviy saʼy-harakatlarni va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini qayta tiklash doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Forum qatnashchilarining nutqlarida 2018-yilning mart oyida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi yakunlariga, afgʻon muammosini siyosiy bartaraf etish borasida dunyo hamjamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirishdagi uning roliga, Afgʻonistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash Xalqaro fondini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusiga, mamlakatimizning afgʻon xalqiga iqtisodiy koʻmagining amaliy natijalariga alohida eʼtibor qaratildi.