O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xitoylik ishbilarmonlar bilan uchrashuv

2018-10-29 | Jamiyat

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida Xitoy Xalq Respublikasining Xubey provinsiyasi tijorat boʻyicha departamenti direktorining oʻrinbosari Yuan Yasze rahbarligidagi ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Xitoy mamlakatimizning ishonchli strategik hamkorlaridan sanaladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabatlar izchil ravnaq topayotir. Bu hamkorlik neft-gaz, kimyo, yoʻlsozlik, qurilish, transport, toʻqimachilik, sayyohlik va boshqa sohalarda izchil rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar almashinuvga oid koʻrsatkich yil sayin ortayotgani hamkorlikning tobora mustahkamlanayotganidan darak beradi. 
 
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni tobora kengaytirish yuzasidan faol ish olib bormoqda. 
 
Shuni taʼkidlash joizki, Xitoyning Xubey viloyati aholi gʻoyat zich joylashgan va shu bilan birga iqtisodiyoti jadal rivojlangan hududlardan sanaladi. Bu yerda togʻ-kon, metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, farmatsevtika, yengil sanoat va boshqa sohalar jadal rivojlangan.
 
“B2B”, yaʼni “Biznes – biznes uchun” formatida oʻtkazilgan uchrashuvda Xitoyning avtomobil shosselari, temir yoʻl liniyalari, koʻpriklar, ishlab chiqarish majmualari uchun koʻp qavatli binolarni barpo etishga ixtisoslashgan qurilish sohasi ishbilarmonlari ishtirok etdi. Xitoy korxonalarining bu boradagi faoliyati qurilish loyihalari boʻyicha pudrat ishlarini olib borish, qurilish, konsalting, bunyodkorlik texnologiyalari boʻyicha ishlanmalar yaratish, mashina va uskunalar lizingi, yoʻlsozik va koʻpriksozlik kabilarni oʻz ichiga oladi. Ular infratuzilmasi gʻoyat murakkab boʻlgan obyektlar bunyodkorligi sohasida kuchli innovatsion-texnologik salohiyatga ega. Bu qurilish kompaniyalari Shanxaydagi Butunjahon moliya markazi, Sinxay – Tibet yoʻnalishidagi 523 kilometrlik temir yoʻl liniyasi va boshqa murakkab infratuzilma obyektlarini bunyod etishda faol qatnashgan. 
 
Uchrashuvda xitoylik mehmonlar Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari, tadbirkorlikka keng yoʻl ochish yoʻlidagi shiddatli islohotlar bilan atroflicha tanishtirildi. Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad ham xitoylik ishbilarmon doiralarni yurtimizning turli hududlaridagi investitsion loyihalarga kengroq jalb etish, qurilish-montaj ishlari va infratuzilma obyektlarini barpo etishga ixtisoslashgan oʻzbekistonlik hamkorlar bilan ishbilarmonlik munosabatlarini oʻrnatishga sharoitlar yaratishdan iboratdir. 
 
Biznes uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid hamkorlik memorandumi imzolandi. 
 

 

N.Usmonova, OʻzA

Поделиться