O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya TIV delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-10-29 | Siyosat
2018-yilning 26-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Toshkent shahriga kelgan Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlar bosh boshqarmasi boshligʻi Shefik Vural Altay boshchiligidagi delegatsiyasi qabul qilindi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktabr oyida Turkiyaga va Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻanning joriy yil aprel-may oylarida Oʻzbekistonga qilgan davlat tashriflari chogʻida hamda keyingi oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida tarixan shakllangan mustahkam aloqalar, hamkorlikni kengaytirish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar hozirgi kunda Oʻzbekiston – Turkiya strategik sherikchiligini yanada rivojlantirish uchun muhim zamin ekanligi taʼkidlandi.
Suhbat chogʻida boʻlajak qoʻshma tadbirlarning jadvali va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida birgalikda oʻzaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasi toʻplanganligi eʼtirof etilib, mazkur sohalardagi ikki davlat aloqalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, oʻzaro tovar aylanmasining dinamik oʻsayotganligi oʻsib borayotganligi, 2018-yilning yanvar-sentabr oylarida bu koʻrsatgich 1,52 mlrd. AQSH dollaridan oshganligi, bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 40%ga koʻproq natija ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga ushbu yoʻnalishlardagi hamkorlikni oshirish uchun zaxira va yangi imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlandi.
Tadbirda qoʻshma madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan Afgʻonistondagi tinchlik jarayonining istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston – Turkiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda Turkiya Elchisi Ahmet Bashar Shen ishtirok etdi.