Oʻzbekiston Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan hamkorlik qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan iqlim oʻzgarishlariga moslashish, ularni kelgusida Yashil iqlim jamgʻarmasiga berish masalalari bilan bogʻliq 10 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Bu boradagi ishlar BMTTD qoʻshma loyihasi, BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining “Oʻzbekistonni Yashil iqlim jamgʻarmasi resurslaridan foydalanishga tayyorlash dasturi“ doirasida olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari B.Nishonov soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda dunyoda muhim iqlim oʻzgarishlari kuzatilmoqda. Bu esa dehqonchilikka sezilarli ravishda taʼsir koʻrsatib, qishloq xoʻjaligi faoliyatida yerga ishlov berish samaradorligini oshirish, suv resurslaridan toʻgʻri foydalanish va ekologik muvozanatga erishishni taʼminlaydigan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va qoʻllashni talab qiladi.
Oʻzbekiston ham ushbu muammoga duch kelgan boʻlib, bu ayrim viloyatlarda ayniqsa yaqqol namoyon boʻlmoqda. Mamlakatimizda iqlim isishi bilan bogʻliq tendensiya oʻtgan asrning oʻrtalarida kuzatilib, har oʻn yilda harorat oʻrtacha 0.29 darajaga koʻtarilmoqda. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida global iqlim oʻzgarishlari va Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar qabul qilish koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston boshqa 170 mamlakat qatorida chiqindilarni kamaytirish, texnologik qayta jihozlash va iqlim oʻzgarishlariga moslashish boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qilish majburiyatini olgan holda, iqlim boʻyicha Parij bitimini ratifikatsiya qilgan.
Ayni vaqtda mamlakatimizda global iqlim oʻzgarishlari keltirib chiqaruvchi muammolarni hal etish jarayonida bilvosita yoki bevosita mashgʻul boʻlgan koʻplab tashkilot va koʻngillilar mavjud. Ming afsuski, ularning hammasi ham iqlim oʻzgarishlariga eng moyil hududlar uchun muhim boʻlgan loyihalarni amalga oshirish uchun yetarli mablagʻ va resurslarga ega emas. Bu masalada ularga Yashil iqlim jamgʻarmasi yordam berishi mumkin. U iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq masalalarni hal etishga yoʻnaltirilgan yagona global tashabbuskordir. Yashil iqlim jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar nafaqat iqlim oʻzgarishlarining oldini olish, balki ularning oqibatlariga moslashishga ham moʻljallangan.
“Oʻzbekistonni Yashil iqlim jamgʻarmasi resurslaridan foydalanishga tayyorlash dasturi“ doirasida iqlimning global oʻzgarishlariga moslashish, ularni kelgusida Yashil iqlim jamgʻarmasiga berishga qaratilgan gʻoya va takliflarni tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu tariqa idoralararo ishchi guruhi tomonidan 20 dan ziyod loyiha gʻoyalari qabul qilinib, tegishli tartibda koʻrib chiqildi. 10 ta eng dolzarb va istiqbollilari tanlab olindi. Hozirgi kunda toʻrtta loyiha uchun hujjatlar yigʻish amalga oshirilmoqda. Ular birinchilardan boʻlib xalqaro jamgʻarma muhokamasiga taqdim etiladi. Bundan tashqari, mamlakatimizda jamgʻarma nomidan ish yurituvchi mahalliy tashkilotlarni akkreditatsiyadan oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.
Roman Bondarchuk, OʻzA