O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Notariat – nizolarni oldini oluvchi muhim institut
2018-10-25 | Jamiyat
Endilikda chekka hududlarda aholining huquqiy xizmatga boʻlgan ehtiyojini inobatga olgan holda notariuslarni rotatsiya qilish instituti amaliyotga kiritiladi.
Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etildi. Bundan tashqari, fuqarolarga notarial idoralariga navbatni qayd etish, bitim loyihasini tayyorlash va boshqa masalalar boʻyicha elektron murojaat qilish mumkinligi belgilanmoqda.
Boʻlib oʻtgan tadbirda notariat sohasini isloh qilish, uni jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam beruvchi, huquqiy nizolarning oldini oluvchi, shuningdek, huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yoʻl bilan hal etilishini taʼminlaydigan muhim institut sifatida shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Adliya vaziri oʻrinbosari A.Tashkulov anjuman ishtirokchilariga sohada mavjud muammo va kamchiliklar xususida toʻxtalib, xususan, aholiga taqdim etilayotgan notarial xizmatlarning sifat va tezkorlik darajasi pastligi, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar, davlat boji va boshqa yigʻimlarni undirishda shaffoflik yoʻqligi, shuningdek, mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlar aholining notariat tizimiga boʻlgan ishonchini susaytirib, korrupsiya ildiz otishiga imkoniyat yaratayotganini qayd etdi.
Natijada mazkur muammolarni bartaraf qilish maqsadida davlatimiz rahbarining “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganligiga urgʻu berdi.
Qarorda notariat institutining jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilashdagi roli va ahamiyatini yanada oshirish boʻyicha qator yoʻnalish va vazifalar belgilangan. Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 1 qonun, Vazirlar Mahkamasining 3 qarori, 1 idoraviy meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Taʼkidlash joiz, joriy yilning 9 oyi mobaynida 3192 819 notarial harakatlar amalga oshirildi. Bu esa oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 4,5 % ga kamdir. Bundan tashqari, joriy yilning boshida notariuslar tomonidan sayyor tartibda 17391 ta notarial harakatlar roʻyxatdan oʻtkazildi. Oʻtgan yil bilan taqqoslaganda, bu koʻrsatkich 24 foizga oʻsgan.
Tadbir davomida jurnalistlarga joriy yil 11 oktyabrida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni kuchga kirganidan soʻng joriy etiladigan yangiliklar xususida ham maʼlumot berildi.
Xususan, hujjatga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab koʻchmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinadi. Biroq ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy tartibda hisobga qoʻyish lozim boʻladi.
Murojaat etuvchilar notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga imzo qoʻyish va maxsus moslamada ularning barmoq izlarini skaner qilish yoʻli bilan notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlaydilar.
Sudlarda koʻpincha imzolarning haqiqiyligi ustida bahslashish holatlari uchraganligi sababli, notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida ariza beruvchi tomonidan notarial tasdiqlangan hujjatlarga imzo chekish va ularning qoʻl barmoqlari izini skaner qilish hamda vasiyatnoma va boshqa hujjatlarga imzo chekish jarayoni majburiy ravishda audio- va videoga yozib borish orqali tasdiqlash tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarga notarial xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladi.