O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash – asosiy vazifa
2014-10-16 | Jamiyat
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan «Sog'lom bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida poytaxtimizning Olmazor tumanida ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o'tgan davrida tumanda aholiga sifatli tibbiy yordam ko'rsatish, ijtimoiy himoyalash, ta'lim-tarbiya samaradorligini oshirish, bandlikni ta'minlash, xotin-qizlar va kollej bitiruvchilarini tadbirkorlikka keng jalb etish, hududni obodonlashtirish yuzasidan ko'plab loyihalar bajarildi.
Aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy-profilaktika yordamini kengaytirish va tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga oid loyihalar samarasida sakkizta oilaviy poliklinika EKG va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minlandi. 1-shahar silga qarshi kurash dispanseri rekonstruksiya qilinmoqda. Ikkita tug'ruq majmuasi, 3-bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi, 5-bolalar stomatologiya poliklinikasi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Aholini birlamchi tibbiy-profilaktika ko'rigiga jalb etish, kasallik aniqlanganlarni sog'lomlashtirish ishlari reja asosida yo'lga qo'yilgan. Tuman hududiy dasturida maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab, kollej va litseylar o'quvchilarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikka jalb etish vazifasi belgilangan bo'lib, o'tgan vaqt mobaynida 38 mingdan ko'proq bola tibbiy ko'rikka jalb etildi. Bu ishlarni uzviy davom ettirish maqsadida «Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!» shiori ostidagi loyiha ham yuqori
saviyada tashkil etildi. Bu jarayonda alohida, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj ikki mingga yaqin aholi qamrab olindi va ularga malakali tibbiy yordam ko'rsatildi.
– Sog'lom farzandni dunyoga keltirishda oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning ahamiyati beqiyos, – deydi tuman hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Muqaddam Rasulova. – Bugungi kunda ushbu vazifalarni bajarish, «Sog'lom ona – sog'lom bola» maqsadli dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda keng
jamoatchilikning faolligini oshirish maqsadida tegishli davlat, jamoat tashkilotlari, tibbiyot muassasalari hamkorligida oilaviy poliklinikalarda salomatlik sektorlarining faoliyati yo'lga qo'yilgani muhim omil bo'layotir. Haftaning har bir kunida aholining muayyan qatlami qamrab olinib, ularga aniq yo'naltirilgan tibbiy-profilaktika yordami tashkil etilmoqda.
Nikohlanuvchi yoshlarning tibbiy ko'rikdan to'liq o'tishini ta'minlash tibbiy-ijtimoiy loyihalarning muhim yo'nalishini tashkil etadi. Tuman FHDYo bo'limi huzurida "Yosh oila uruvchilar maktabi" mashg'ulotlari yo'lga qo'yilgani, kollej, litsey va mahallalarda bu yo'nalishda izchil targ'ibot ishlari olib borilayotgani ota-onalar, ayniqsa, yoshlarning sog'lom oila barpo etish borasidagi mas'uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Voyaga yetmagan qizlarni turmushga uzatishning oldini olish doimiy e'tiborda.
Bugungi kunda tumanda 31 maktab, 16 kasb-hunar kolleji faoliyat yuritmoqda. Ushbu maskanlarda yoshlarga jahon andozalari darajasida ta'lim berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. 2014-yilgi investitsiya dasturi doirasida ikkita umumta'lim maktabida ta'mirlash ishlari olib borilayotir.
Maktab bitiruvchilarini ta'limning keyingi bosqichiga to'liq qamrab olish, kollej bitiruvchilarining bandligini ta'minlashda "oila – mahalla – maktab" konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar o'z samaralarini berayotir. Buning natijasida tumanda o'n ikki yillik majburiy ta'limga qamrab olish ishlari to'laqonli bajarilmoqda va bu borada qonunbuzilish holatlari qayd etilmayotir.
"Sog'lom bola yili" Davlat dasturida sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda mahallaning o'rni va rolini yuksaltirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Tumandagi mavjud 58 mahallada bu boradagi vazifalarni to'la bajarish maqsadida "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo'limi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga
belgilangan ishlar o'z vaqtida amalga oshirilmoqda.
Mahalla fuqarolar yig'inlari huzuridagi "Ota-onalar universitetlari", barcha yo'nalishlar bo'yicha jamoatchilik komissiyalari aholi farovonligi va yoshlar kamolotiga yo'naltirilgan
loyihalarni hayotga izchil tatbiq etayotir. Aholining islohotlardan bahramandlik darajasini oshirish, hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko'maklashish shular jumlasidandir. Joriy yilning o'tgan davrida tumandagi mahallalarda 20 sport zali, 15 bolalar o'yin maydonchasi, o'nga yaqin sport majmuasi barpo etildi. Yangi mahalla guzarlarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bog'liq loyihalar amalga oshirildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida homiylar ko'magida kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalarga qariyb yuz million so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi.
Tumanda bandlikni ta'minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hududiy dastur doirasida mahallalarda yuzga yaqin kichik korxona tashkil etildi. Aholiga turli yo'nalishlarda maishiy xizmat ko'rsatishga ixtisoslashgan ushbu korxonalarda uch yuzga yaqin yangi ish o'rni yaratilib, ularga asosan xotin-qizlar va yoshlar joylashtirildi.
Mahallalarda ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid ishlar salmog'i tobora ortmoqda. Tumanda xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va ularning bandligini ta'minlash maqsadida tijorat banklaridan 17 milliard so'mdan ortiq kredit mablag'i ajratildi. Bu ishlarni yanada kengaytirish, bandlik dasturini to'la ro'yobga chiqarish uchun mahallalarda bo'sh ish o'rinlari yarmarkalari, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tuman bo'limi tashabbusi bilan yoshlar o'rtasida "Mening biznes g'oyam",
"Mutaxassislik – sening kelajaging", "Eng faol yosh hunarmand", "Eng faol yosh tadbirkor" singari tanlovlar tashkil etilmoqda.
"Kamolot" YoIH tuman bo'limida tashkil etilgan Yoshlar ijtimoiy xizmatlari markazi yigit-qizlarni kasb-hunarga yo'naltirish, bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markazda o'quvchilarga yetti yo'nalish bo'yicha hunar o'rgatilmoqda. Joriy yilning olti oyida ming nafardan ortiq yigit-qiz ushbu to'garaklarga jalb etilib, ustoz-shogird an'anasi asosida tikuvchilik, to'quvchilik, pazandalik, qandolatchilik va boshqa hunarlarni o'rgandi.
Bunday ezgu ishlar yoshlarning salohiyati va iste'dodini ro'yobga chiqarish, ularni ish bilan ta'minlash, oilaviy biznes, tadbirkorlik borasidagi g'oya va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashda muhim poydevor bo'lib xizmat qilayotir.