O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sogʻliqni saqlash vazirligi Samarqand shahridagi guruhli ovqatdan zaharlanish holati yuzasidan rasmiy axborot berdi
2018-10-24 | Sog‘liqni saqlash
Sogʻliqni saqlash vazirligi Samarqand viloyati Samarqand shahrida joriy yil 22 oktyabr kuni qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanish holati boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 22 oktyabr soat 13.00 dan 23 oktyabr soat 17.45ga qadar 17 nafar fuqaro koʻngil aynishi, bosh ogʻrigʻi, qorin sohasida ogʻriq, 4-5 marta ich ketishi, tana haroratining koʻtarilganligi, holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar koʻrigidan soʻng ularga “Ovqat toksikoinfeksiyasi, oʻrta ogʻir darajasi” birlamchi tashxisi qoʻyilib, kasalxonaga yotqizilgan. Bemorlarning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol, 3 nafari 14 yoshgacha boʻlgan bolalardir. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda, 13 nafari esa yengil. Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda, dori-darmon zaxiralari yetarli. Bemorlardan laboratoriya tahlili uchun biologik namunalar olingan.
Oʻtkazilgan birlamchi epidemiologik surushtiruv natijasida aniqlanishicha, bemorlar joriy yil 21-22 oktyabr kunlari Samarqand shahar Sattepo mavzesidagi “Tabiat saxovati” dehqon bozori yonidagi kioska koʻrinishidagi budkada fuqaro Gʻulom Murodov tomonidan sotilayotgan xot-dogdan isteʼmol qilishgan. Xot-dog tarkibida non, sabzi salat(morkovcha), bodring, pomidor, suvda pishirilgan tuxum, pishirilgan kolbasa, sosiska, ketchup va uy sharoitida tuxum va oʻsimlik moyidan tayyorlangan mayonez boʻlgan.
Fuqaro Gʻ.Murodov oʻz faoliyatini oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirmasdan, tibbiy koʻrikdan oʻtmasdan, noqonuniy ravishda olib borgan. Xot-dog tayyorlangan budka sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi, ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan, mahsulotlarni saqlash va sotish uchun talab etiladigan sanitariya sharoitlari yoʻq. Hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan fuqaro Gʻ.Murodovga nisbatan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, jarima solindi va uning faoliyati toʻxtatildi. Mahsulotlardan laboratoriya tahlili uchun namunalar olindi, qolgan mahsulotlar esa savdodan olinib, belgilangan tartibda yoʻq qilindi.
Kasallik qayd etilgan hududda respublika, viloyat va Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Samarqand shahrida qayd etilgan mazkur vaziyat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.