O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Har bir tadbirkor, usta, hunarmandning mehnati alohida qadr va eʼtibor topmoqda”

2018-10-24 | Jamiyat

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Tashabbus – 2018“ respublika koʻrik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi boʻlib oʻtdi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish, xususiy mulkning ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslar, startaplarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oid keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
 
Yurtimizda qabul qilingan koʻplab qonun hujjatlari biznesni yuritishdagi ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish, xususiy mulkning daxlsizligini himoya qilish va kafolatlashning bozor hamda huquqiy mexanizmlarini izchil mustahkamlab borish, respublikada investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan kuchlarni jamlash imkonini bermoqda. 
 
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qabul qilinayotgan choralar samaradorligi va natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining ijobiy baholarida xolisona aks ettirilmoqda.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun yurtimizda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbus-2018“ respublika koʻrik-tanlovi bu yil mamlakatimizda oʻzgacha koʻtarinkilik, bayramona kayfiyatda boʻlib oʻtmoqda. 2018 yilgi koʻrik-tanlovning Toshkent shahar bosqichida eng ilgʻor, ishbilarmon, tashabbuskor 44 nafar saralangan tadbirkorlar ishtirok etdi. 
 
– Bu yilgi tanlovda shaffoflik va xolislik tamoyillariga tayanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boʻlim boshligʻi Rustambek Baratov. – “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“ yoʻnalishi asosiy nominatsiyalar qatoridan joy oldi. Ishtirokchilar faoliyatini baholashda mahsulotning eksportbopligi, qoʻshimcha ish oʻrinlar yaratishga boʻlgan eʼtibor kabi jihatlar ham inobatga olinadi. Tadbirkorlarning faoliyati sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida alohida baholanmoqda.
 
“Polimer plastik“ masʼuliyati cheklangan jamiyati bolalar uchun oʻyinchoqlar ishlab chiqaradi. 2009 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada 50 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. Mahsulot yaratishda psixologlar, davlat standartlashtirish sohasi mutaxassislarining koʻrsatmalari, bozor talab va ehtiyoji qatʼiy inobatga olinadi. 
 
– Bugungi kunda korxonamizda 300 dan ortiq turda oʻyinchoq mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Polimer plastik“ korxonasi ish yurituvchisi Bahodir Mardonbekov. – Mahsulotlarimizga Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda ham talab ortib bormoqda. Kelgusida kredit jalb etgan holda yangi ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirib, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishni maqsad qilganmiz. 
 
Miniatyurachi-naqqosh Kamoliddin Abdullayev yaqindagina Hindistonning Jaypur shahrida boʻlib oʻtgan sanʼat va hattotlik boʻyicha xalqaro festivalda muvaffaqiyatli ishtirok etib keldi. Uning katta mahorat, isteʼdod, qunt bilan ishlagan moʻjaz qutichalari, qalamdonlari, bezakli devoriy pannolarini xorijliklar yuksak baholaydi. Koʻplab xalqaro tanlov va festivallarning ishtirokchisi boʻlgan K.Abdullayev 2016 yilda Rossiyaning Kaliningrad shahridagi xalq ijodiyotiga oid xalqaro yarmarkada maxsus diplom bilan taqdirlangan.
 
– Bugun tinimsiz mehnat qilayotgan har bir tadbirkor, usta, hunarmandning mehnati alohida qadr va eʼtibor topmoqda, – deydi K.Abdullayev. – Bunday tanlovlar yanada koʻproq oʻz ustimizda izlanishga chorlaydi.
 
Tanlov yakunida gʻoliblar sanoat sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori“, xizmat koʻrsatish sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ kabi asosiy nominatsiyalar boʻyicha aniqlandi. Ularga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, bir qator qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha ham tadbirkor va hunarmandlar taqdirlandi. 
 
Gʻoliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
 

N.Usmonova, OʻzA

Поделиться