O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yo’l-transport hodisalari ekspertlar nigohida
2018-10-24 | Jamiyat
Hammamizga yaxshi ma’lumki, hozirgi davrda insoniyat hayot va faoliyatini transport vositalarisiz tasavvur etish juda qiyin. Chunki uning deyarli barcha yumushlarida transport vositalari xizmatidan keng foydalanilmoqda.
Bu o’rinda, mazkur transport vositalarining harakatlanishi uchun avvalo bexatar, zaruriy sharoitlar bilan ta’minlangan, keng va ravon yo’llarning ahamiyati beqiyosdir. Albatta, uning bexatarliligi insonlar tomonidan ushbu transport vositalaridan qanchalik to’g’ri foydalanishlariga va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etishlariga ham bevosita bog’liq.
Xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko’ra, bugungi kunda og’ir oqibatli yo’l-transport hodisalari (YTH) sonining ko’payib borayotganligi jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda.
Ushbu nohush holatlarga nisbatan xalqaro miqyosda kurashish amaliyotining tarixiga nazar solsak, ilk bor, 2009 yili Moskva shahrida “Yo’llarda harakatlanish xavfsizligiga oid” xalqaro konferentsiya tashkillashtirilgan. 2010 yilga kelib, mazkur konferentsiya yakunlari doirasida BMT Bosh assambleyasining “2011-2020 yillarga mo’ljallangan
10 yillik maxsus rezolyutsiyasi” qabul qilinib, uning kotibiyati sifatida Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti belgilangan.
Keyingi yillarda ushbu tashkilot tomonidan jahon yo’llarida xavfsizlik tendentsiyasining o’zgarib borishi to’g’risidagi tahliliy ma’ruzalar muntazam ravishda chop etilib borilmoqda.
Xususan, Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan berilgan so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, yo’l-transport hodisalari natijasida har yili 1,25 millionga yaqin inson hayotdan erta ko’z yumadi va 20 milliondan ortig’i turli darajadagi tan jarohatlari olishib, ularning ko’pchiligi nogiron bo’lib qolmoqda. YTHlarining oqibatlari esa, jabrlanganlarga, oila a’zolariga, umuman ular yashayotgan davlatga juda katta ma’naviy va iqtisodiy zarar etkazmoqda. Butunjahon sog’liqni saqlash tashkilotining Janubi-sharqiy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori Punam Kxetrapal Singxningma’lumotlariga ko’ra, yo’l-transport hodisalari natijasida etkazilgan moliyaviy zarar ko’plab davlatlar Yalpi ichki mahsulotlari ulushining 3 foiziga teng miqdorni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, ma’lumotlarda ko’rsatilishicha, o’lim bilan bog’liq yo’l-transport hodisalari sonining ortib borishi davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlari bilan bevosita bog’liq bo’lib, ularning 90 foizi o’rta va past daromadli iqtisodiy ko’rsatgichlarga ega mamlakatlar hissasiga to’g’ri keladi. Bunda eng kam YTHlari Evropa mamlakatlariga va eng ko’pi esa, Afrikada kuzatilmoqda. Eng achinarlisi shuki, ushbu hodisalarda jabrlanganlarning asosiy qismi, ya’ni 48 foizi 15 yoshdan 44 yoshgachabo’lganlarni tashkil etmoqda. Bu esa, o’z navbatida davlatlarning demografik siyosatiga salbiy ta’sirini o’tkazmay qolmaydi, albatta. Shuningdek, erkaklar tomonidan YTHlariga uchrash hollari ayollarnikiga qaraganda 3 barobarga ko’pni tashkil etib, ushbu noxush hodisalarning 73 foizidaerkaklar ishtirok etayotganligi aytiladi.
Noinfektsion kasalliklar, nogironlik va travmatologiya eksperti Eten Krug davlatlarning transport sohasidagi siyosatlarini qayta ko’rib chiqilishini muhim deb hisoblaydi. Chunki, o’lim bilan bog’liq YTHning
23 foizi mototsiklchilar ishtirokida, 22 foizi piyodalar, 4 foizi velosipedchilar va qolgan qismi transport vositalarining o’zaro to’qnashuvlariga to’g’ri keladi. Bu esa, dunyo bo’yicha YTHlarida vafot etayotganlarning deyarli yarmini aynan piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilar tashkil etayotganligini ko’rsatmoqda.
Uning fikricha, asosiy va mahalliy yo’llarni modernizatsiya qilish, bunda barcha joylarda piyodalar yo’laklarini va himoya to’siqlari holatini doimiy yaxshilab borish, velosipedchilar uchun alohida yo’llar barpo etish, yo’llarning chetki qismlarini ham to’liq asfaltlash choralarini ko’rish odamlarning jarohat olishlari yoki o’lim bilan bog’liq YTHlari sonini keskin qisqarishiga sabab bo’ladi. Shu bilan birga, joylarda piyodalar va velosipedchilar uchun yaratilgan alohida yo’llarning mavjudligi avvalo ekologiya sofligini ta’minlashga, odamlarni jismoniy faol va sog’lom turmush tarziga yo’naltirishdagi asosiy qadamlardan bo’lib xizmat qiladi.
“Blumberg Filantropiz” fondi asoschisi Maykl Blumberg ekspert sifatida avvalo barcha mavjud yo’llarning holatini yaxshilash, YTHlari o’choqlarini aniqlash va bartaraf etish, ushbu noxush hodisalarning oldini olish borasida turli ijtimoiy tuzilmalar, transport tizimi, yo’l qurilish tashkilotlari, huquqni muhofaza etuvchi organlar va boshqa idoralar bilan o’zaro hamkorlikni jadallashtirish, fuqarolarda haydovchilik madaniyatini yuksaltirish, ushbu sohada qonunchilik targ’ibotini kuchaytirish kabi bir qator dolzarb vazifalarni amalga oshirish kerakligini aytmoqda.
Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus tomonidan olib borilayotgan tahlil va bashoratlarga ko’ra, kelgusida o’lim bilan bog’liq YTHlari sonini keskin kamaytirish bo’yicha o’zaro hamkorlikda va davlatlararo tizimli ishlar olib borilmasa, bu ko’rsatgich
2030 yilga borib, o’limlar orasida sabablari bo’yicha 7-o’ringa ko’tarilib ketishi mumkin bo’ladi.
Ekspertlar tomonidan mazkur sohada olib borilayotgan tahlillar natijalariga ko’ra, YTHlari kelib chiqishiga ta’sir etuvchi salbiy omillar sifatida - texnik nosoz avtomobillardan foydalanish, yomon tabiiy sharoit, haydovchining charchaganlik holati, haydovchilik huquqisiz yoki zaruriy tajribaga ega bo’lmagan shaxslar tomonidan boshqarilishi, boshqaruv jarayonida chekish yoki ovqatlanish, baland ovozda musiqa eshitish, begona elektron qurilmalardan foydalanish kabilarni kiritish mumkin.
Shu bilan birga, tezlik me’yorlariga amal qilmaslik avariya oqibatlarining og’irlik darajasiga bevosita bog’liq bo’lib, avtomobilni o’rtacha tezlikdan har 1 km.soat tezlikka oshirib borish – YTHlarida tan jarohati olinishi holatini 3 foizga, o’lim bilan bog’liq hodisalar kelib chiqishini 5 foizga oshishiga sabab bo’ladi. 50 km.soat tezlikda harakatlanayotgan avtomobil tomonidan urib yuborilgan katta yoshdagi piyodaning vafot etish ehtimoli 20 foizni, 80 km.soat tezlikda esa,
60 foizni tashkil etadi. Shuningdek, transport vositasini spirtli ichimlik yoki tarkibida psixofaol moddalar mavjud preparatlar yoki giyohvandlik vositalari iste’moli ta’sirida boshqarish hollari og’ir oqibatli yo’l-transport hodisalari sonini 5 barobarga ko’payishi xavfini keltirib chiqaradi.
Boshqaruv paytida uyali aloqa vositalaridan foydalanuvchi haydovchilarning avariya holatlariga uchrashi boshqalarga nisbatan
4 barobarga ko’pni tashkil etadi. Aloqa vositalari orqali yozishmalarni amalga oshirish esa, ushbu ko’rsatgichni yanada ikki barobarga oshishiga sabab bo’ladi. Chunki, ushbu kabi vositalardan foydalanayotgan vaqtda avvalo haydovchi chalg’iydi, hushyorligi yo’qoladi, yo’l belgilariga va boshqa haydovchilar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarga nisbatan e’tiborsiz bo’ladi, oraliq masofa saqlanmaydi, o’z yo’nalishi bo’yicha harakatlanishni nazorat qila olmaydi va oqibatida YTHlari kelib chiqadi.
Ekspertlar xulosalariga ko’ra, mototsiklchilar tomonidan tegishli shlemlardan to’g’ri foydalanish o’lim bilan bog’liq YTH xavfini 40 foizga, ularda jarohatlar olish bilan bog’liq holatlarni 70 foizgaqisqartiradi. Avtomobilning old qismida o’tirgan yo’lovchi uchun xavfsizlik kamaridan foydalanish o’lim bilan bog’liq YTH xavfini 40-50 foizga, orqa o’rindiqdagi foydalanuvchilar uchun esa 70-75 foizga kamayishiga, shuningdek, yosh bolalar uchun maxsus o’rindiqlardan to’g’ri foydalanilishi bu kabi noxush holatlarni 75-80 foizga kamayishiga sabab bo’ladi.
Shu o’rinda, transport vositalarini barcha xavfsizlik choralari bilan ta’minlanganligi holati ham, undan foydalanuvchi insonlar sog’ligi uchun g’oyat katta ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi kunda BMTning transport vositalari xavfsizligi borasida mahalliy ishlab chiqarish standartlariga nisbatan o’z qoidalari mavjud. Ushbu qoidalarda barcha kompaniyalarga transport vositalarining yon va old qismlari bo’yicha turli to’qnashuvlarga chidamlilik normalariga amal qilinishi, elektron nazorat tizimi faolligi hamda avtomobillarni xavfsizlik yostiqchalari va kamarlari bilan jihozlanganligi kabi bir qator talablar qo’yiladi.
Shuni ham alohida qayd etish joizki, bugun jahonning ko’plab mamlakatlarida transport vositalaridan foydalanishda umummajburiy qonun normalari amalga kiritilgan. Jumladan, 105 tadavlatda haydovchilarga va yo’lovchilarga ham birdek amal qiluvchi xavfsizlik kamarlaridan majburiy ravishda foydalanishni nazarda tutuvchi, 53 ta davlatda yosh bolalar uchun maxsus o’rindiqlardan majburiy foydalanishni belgilovchi, 47 ta davlatda shahar joylarida soatiga 50 km. tezlikdan oshmaydigan tartibni nazarda tutuvchi, 44 ta davlatda ruxsat etilgan maxsus shlemlardan majburiy ravishda foydalanishni talab qiluvchi, 23 ta davlatda 100 ballik tizimda qo’llanilgan jarimalar hisobini baholab boruvchi qonunlar mavjud bo’lib, ushbu qoidalarga amal qilmagan haydovchilarga nisbatan ma’muriy tartibda qat’iy choralar ko’rib borish amaliyoti keng joriy qilingan.
BMT tomonidan 2017 yilda tayyorlangan global miqyosdagi yo’l harakati xavfsizligi bo’yicha “Tezlik me’yori nazorati” deb nomlanuvchi ma’ruzada keltirilishicha, so’nggi o’n yillikda rivojlangan mamlakatlarda YTHlari soni kamayishiga erishishda yagona yondashuvdan keng foydalanilgan.
Masalan, Angliya, Niderlandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Frantsiya davlatlarida ushbu yondashuv asosan xavfsiz yo’llar, xavfsiz avtomobillar, xavfsiz tezlik va piyodalar uchun xavfsiz trotuarlarninazarda tutgan. Bu esa, o’z navbatida aynan ushbu davlatlarda xavfsizlik darajasi yuqoriligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu borada mamlakatimiz tajribasiga ham nazar solsak. Bugungi kunda yo’llarimiz xavfsizligini ta’minlash, ularda xavfsiz tezlik me’yorlarini o’rnatish, xavfsiz transport vositalarini yaratish, zamonaviy texnika yutuqlaridan keng foydalanish, fuqarolarda haydovchilik madaniyati va piyodalarda harakat madaniyatini oshirish borasida ko’zga tashlanarli ishlar amalga oshirilayotganligini guvohi bo’lamiz.
Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 11 iyuldagi “Yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3127-sonli, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi “Yo’l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 377-sonli Qarorlari, shuningdek, “2018-2022 yillarda yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash kontseptsiyasi” talablari bo’yicha tizimda olib borilayotgan islohotlar mahsuli sifatida, avvalo xizmat yo’nalishiga innovatsion texnika imkoniyatlarini joriy etilayotganligi, zamonaviy talablar va jahon standartlariga javob bera oladigan yo’l va transport infratuzilmasi yaratilayotganligi, tadbirkorlik taraqqiyoti uchun muhim sanalgan tranzit, yo’lovchilar va yuk tashish yo’llari rivojlantirilayotganligi, yo’l va transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida jamoatchilik va davlat-xususiy sheriklik asoslari kengaytirilayotganligi, shuningdek, tez yordam ko’rsatish tizimi takomillashtirilayotganligi kabi bir qator amaliy choralarni ko’rsatishimiz mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa sifatida aytish mumkinki, hozirgi davr talabi bo’yicha xavfsiz yo’llarni loyihalashtirilishida harakatning barcha ishtirokchilari talablari inobatga olinishi zarur.
Bu o’rinda, yo’llarga barcha zamonaviy texnika yutuqlarini joriy etish, ularni zamonaviy piyodalar yo’lakchalari, velosipedchilar trassalari, xavfsiz o’tish joylari va boshqa transport vositalari harakatlarini sekinlashtiruvchi vositalar bilan jihozlanishi yo’l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlaydi.
Shuningdek, barcha YTHlarini kelib chiqishiga ta’sir etuvchi salbiy omillarga nisbatan huquqiy tartibotni qo’llashda milliy va xalqaro darajadagi qonunchilikni muvofiqlashtirish va muntazam yangilab borish, o’zaro tajriba almashish va mustahkam hamkorlik o’rnatish orqali kutilgan natijalar samarasiga erishish mumkin bo’ladi.