O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“INNOWEEK” – ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyat
2018-10-24 | Innovatsiya
“Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etgan “INNOWEEK” – innovatsion gʻoyalar haftaligi boshlandi.
Unda ishbilarmonlar, investorlar, xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro innovatsion yarmarkaning ochilish marosimida mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni ragʻbatlantirish, ilmiy xodimlar mehnatini qoʻllab-quvvatlash, yurtimiz ilmiy-texnik salohiyatini yanada mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani taʼkidlandi.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston va rivojlangan mamlakatlarda texnologiyalar transferi jarayonini taʼminlash orqali ichki innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar hayotga tatbiq etishga keng shart-sharoit yaratishdan iboratdir.
Forumda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va hududlarda joriy etilgan innovatsiyalar, 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi mohiyatini ommaga yetkazish, 2030-yilda mamlakatimizning global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor davlati qatoriga kirishi uchun zarur shart-sharoit yaratish masalalari boʻyicha muhokamalar boʻlib oʻtdi.
– Forum sanoat korxonalarini jadal takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy tadbirkorlar va investorlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga yoʻnaltirilgan mintaqaviy va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi “Yashnobod” innovatsion texnoparki direksiyasi” DUK direktori Farhod Jumayev.
Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida ijtimoiy, moliya-bank, qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyotning real sektori, davlat boshqaruvidagi innovatsiyalar va shartnoma asosida xarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalarning namoyishi boʻyicha konferensiya ham tashkil etiladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.Xolmurodov soʻzga chiqdi.