O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlik tizimida ijro intizomini yanada mustahkamlash maqsadida yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilindi
2018-10-23 | Iqtisodiyot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan eʼlon qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da vazirlik tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirish yuzasidan bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Yagona idoralararo elektron ijro nazorati tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi F-5017-son farmoyishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 47-sonli Rayosat majlisining bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “UNICON-SOFT” MCHJ bilan hamkorlikda joriy yilning avgust-sentabr oylarida Ijro intizomini nazorat qilish yagona tizimi, yaʼni “mf.ijro.uz” elektron dasturiy taʼminoti shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-oktabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3962-sonli qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018-yil 12-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada takomillashtirish va ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 166-sonli buyrugʻiga muvofiq, 2018-yilning 2-30-oktabr kunlari “mf.ijro.uz” dasturiy taʼminotiga ulanishi va vazirlik markaziy apparatini “test” jarayonida ishlashi hamda joriy yilning 1-noyabrdan boshlab barcha hujjatlar aylanmasi butunlay “mf.ijro.uz” tizimiga oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga vazirlikning hududiy moliya organlari va gʻaznachilik boʻlinmalari hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlarida “mf.ijro.uz” tizimiga oʻtish jarayoni 2019-yilning yanvar oyidan rejalashtirilgan.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan Moliya vazirligining 166-buyrugʻiga asosan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan “mf.ijro.uz” dasturiy taʼminotini yanada takomillashtirib borish yuzasidan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda boshqarma va jamgʻarmalarning taklif va tavsiyalari asosida “UNICON-SOFT” MCHJ mutaxassislari dasturga tegishli oʻzgartirishlarni kiritishmoqda va dastur tobora takomillashib bormoqda.
Vazirlikning Ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi tashabbusi bilan joriy qilingan va joriy yilning 1-noyabridan boshlab devonxonaning barcha hujjatlar aylanmasi mazkur “mf.ijro.uz” elektron dasturiy taʼminot tizimiga oʻtilishining quyidagi bir qator afzallik va qulayliklari mavjud boʻlib, jumladan:
- vazirlikka kirim qilinayotgan barcha hujjatlar juda qisqa fursatda tegishli mutasaddi rahbar va ijrochilarga yetkaziladi;
- mazkur dasturda ijro etilgan hujjatlar haqidagi maʼlumotlar bir vaqtning oʻzida “ijro.gov.uz”- Idoralararo yagona hujjatlar dasturi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuratura bilan integratsiya qilinadi;
- har bir xodim tomonidan ijro etilgan hujjatlarni oʻziga tegishli boʻlgan E-Kalit qurilmasi yordami bilangina ijro nazorati roʻyxatidan chiqaradi va xodimning ish kunida nechta hujjat tayyorlagani hamda ularning bajarilish muddatini monitoring qilish imkonini beradi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida roʻyxatga olish tartibi, ular boʻyicha hisob kartotekalarining qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi, eng muhimi, kirim qilinayotgan barcha hujjatlarning nusxalarini koʻpaytirish jarayonlari bekor qilindi va ortiqcha sarf-xarajat qilinayotgan katta hajmdagi qogʻoz tejalib iqtisod qilinadi.
Bugungi kunda Moliya vazirligida joriy etilgan mazkur “mf.ijro.uz” dasturi vazirlik va idoralar ichida eng birinchi boʻlib joriy etilganligi, shubhasiz “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili“da amalga oshirilgan eng muhim gʻoyalardan biri ekanligini alohida taʼkidlash joiz.