O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: joriy yilning 9 oyi davomida 3 192 819 ta notarial harakat amalga oshirildi
2018-10-23 | Jamiyat
Adliya tizimining muhim boʻgʻinlaridan boʻlgan davlat notarial idoralari faoliyati koʻpchilikda qiziqish uygʻotishi tabiiy. Shu sababli quyida notariat faoliyatiga oid muhim raqamlar eʼlon qilinmoqda.
Yaqinda vazirlik tomonidan davlat notarial idoralarining oʻtgan 9 oy mobaynidagi faoliyati tahlil qilindi.
Unga koʻra, notariuslar tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 3 192 819 ta notarial harakat amalga oshirildi. Yaʼni oʻtgan yilga nisbatan notarial harakatlar 4,5 % ga kamaygan. Bu aksariyat tashkilotlar tomonidan ishga qabul qilish, pensiya toʻgʻrilash, armiyaga chaqirilgan yoshlar va boshqalardan hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxasi talab qilishi bekor qilinganligi bilan bogʻliq.
Demak, davlat xizmatlari koʻrsatilishida koʻplab byurokratik toʻsiqlar va fuqarolarning ortiqcha xarajatlari bartaraf etilgan.
Notariuslar tomonidan yil boshidan buyon 17 391 ta sayyor tartibda notarial harakat tasdiqlandi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 24 % ga oʻsdi.
Yaʼni, notariuslar xalqning ichiga kirib boryapti, uyma-uy yurib notarial harakatlarni tasdiqlamoqda.
Respublika boʻyicha notarial idora orqali 259 387 ta avtomashina, 108 371 ta uy-joy sotildi. Yaʼni fuqarolar tomonidan uy-joy sotib olish oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6,7 % ga, avtomashina sotib olish
4,3 % ga koʻpaydi.
Maʼlumot uchun:
Eng koʻp uy-joy va avtomashina Toshkent shahrida sotilgan boʻlsa, eng kam uy-joy va avtomashina Sirdaryo viloyatida sotildi. Eng kam avtotransport oldi-sotdi shartnomalari Sirdaryo viloyatidagi notariuslar tomonidan (4 857) amalga oshirildi.
Notariuslar tomonidan 144 591 ta notarial harakat boʻyicha jismoniy shaxslar Soliq kodeksining 331-moddasiga asosan davlat boji toʻlashdan ozod qilindi. Shundan, pensiya va nafaqa pullarini olish uchun 87 827 ta ishonchnoma tasdiqlab berildi.
Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga berilgan imtiyozlarning hajmi va turlari ortganidan dalolatdir.
Notariuslar faoliyatidagi eng qiziqarli statistik maʼlumot sifatida er-xotinning umumiy mol-mulkiga mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar hamda nikoh shartnomalari tuzishni aytishimiz mumkin. Oʻtgan davr davomida notariuslar tomonidan 789 ta mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar berildi va 129 ta nikoh shartnomalari rasmiylashtirildi.
Bu raqamlar fuqarolarning oilaviy munosabatlarda ham huquqiy ongi oshib borayotganini koʻrsatadi.
Respublika boʻyicha aliment toʻlash haqida atigi 9 ta bitim tasdiqlandi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, notariat instituti fuqarolarga notarial harakatlarni amalga oshirish yoʻlida xizmat koʻrsatishda davom etadi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy madaniyatini aks ettiruvchi koʻzgu hisoblanadi.