O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyo savdo forumi birinchi marta Toshkentda boʻlib oʻtdi
2018-10-23 | Iqtisodiyot
17-18-oktabr kunlari Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida Sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi (CATF) boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekistonda ilk marotaba oʻtkazildi. Bu yilgi anjuman mavzusi – “Savdo va investitsiyani rivojlantirishda yangi yoʻnalishlar”. Forum Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi Savdo Vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumda Yevropa, Osiyo va Amerikaning 24 mamlakatlaridan tashrif buyurgan davlat sektori, biznes sohasi ekspertlari hamda xalqaro tashkilotlardan jami 1000 dan ortiq vakillar ishtirok etdilar.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov, USAID vakolatxonasining mintaqaviy direktori Kristofer Edvards va AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Alan Meltser soʻzga chiqdi.
Forumda jami 13 ta plenar va guruh yigʻilishlari, 4 ta seminar-treninglar, biznes treninglar, B2B uchrashuvlar, shuningdek, siyosatchilar, xalqaro ekspertlar, tadbirkorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida korporativ taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Tadbir turli mavzular, jumladan, investitsiya jalb qilish, savdoni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, logistika, turizm va boshqa sohalar boʻyicha fikr almashish imkonini berdi.
Shuningdek, forum doirasida qishloq xoʻjaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini, shuningdek, transport-logistika xizmatlarini taqdim etuvchi 100 dan ortiq kompaniyalar ishtirokida Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, forum 2018 yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi chogʻida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida tashkil etildi.