O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qatarning Tashqi ishlar davlat vaziri bilan uchrashuv
2018-10-22 | Siyosat
2018-yilning 22-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov kuni kecha mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar Davlati Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Mureyxiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston – Qatar muloqotini oshirishga, avvalo savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi munosabatlarni jadallashtirishga tomonlarda oʻzaro qiziqish mavjudligi etirof etildi. Oʻzaro tovar aylanmasi muttasil oʻsayotganiga qaramasdan, taʼkidlanganidek, uning hajmlari tomonlarda sezilarli salohiyat borligidan guvohlik beradi. Shu nuqtayi nazardan tashkil etilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiyaning bu borada muhim rol oʻynashi kutilmoqda. Mazkur komissiyaning birinchi majlisini 2019-yilning boshida oʻtkazish rejalashtirilgan.
Madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Suhbat chogʻida dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan bartaraf etish jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston – Qatar siyosiy maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi boʻlib oʻtdi.