O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va hamkorlik bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining majlisi

2018-10-22 | Iqtisodiyot

2018 yil 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda huquq, investitsiya va savdo sohalarida hamkorlik bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibi doirasida O‘zbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb qilish sohasida hamkorlik qilish ustuvorliklari haqidagi masala muhokama etildi.

Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat bermoqda. “Harakatlar strategiyasi” doirasida keng ko‘lamli islohotlarning boshlangani O‘zbekiston va Amerika o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmlarining 2017 yildagi 210,2 mln. dollardan joriy yilning birinchi yarim yilligida 256,8 mln. dollargacha oshgani bundan darak berib turibdi. O‘zbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 160 dan ortiq korxona va AQShning ko‘plab vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi savdo munosabatlarida ko‘proq qulaylik yaratish rejimi amal qilmoqda. Bunda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga jiddiy hissa qo‘shmoqda.

“Jeneral Motors”, “Jeneral Elektrik”, “Ekson Mobayl”, “Koka Kola” kabi AQSh kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotini tarkibiy diversifikatsiyalash va texnologik modernizatsiyalash jarayonlarida muhim rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston va AQShning ulkan salohiyatini hisobga olgan holda bu yo‘nalishlarda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritish mumkin.

         Uchrashuvda  mamlakatda ochiq-oshkoralik, hisobdorlik bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali tadbirkorlar va AQSh kompaniyalari uchun, birinchi navbatda, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berilayotgani qayd etildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun sarmoya jalb qilish imkoniyatlari muhokama etildi. Shu munosabat bilan mamlakatda investitsiya muhitini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi doirasida erishilgan natijalar haqida fikr yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi va AQSh o‘rtasida savdo munosabatlari o‘sib borishini ta’minlash majlisda muhokama etilgan yana bir masala bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyidagi tashrifi davomida O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida qiymati 4,8 mlrd. dollarni tashkil etgan 20 dan ortiq yirik shartnoma imzolandi. Shu munosabat bilan majlisda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashishda, shu jumladan savdo sohasini rivojlantirishda Qo‘shma palata faoliyatining turli masalalari muhokama etildi.

Majlisda huquqiy muhitni mustahkamlashning turli jihatlari, huquq, investitsiya va savdo sohalarida O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining strategiyasi va bo‘lajak tadbirlari, shuningdek bundan buyongi ishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining to‘rtinchi majlisi muddatlari ko‘rib chiqildi.

Поделиться