O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“lnfolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Moddiy-madaniy meros obyektlarining oʻzaro integratsiyasi” mavzusida davra suhbati
2018-10-22 | Jamiyat
2018 yil 18 oktyabr kuni “lnfolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Moddiy-madaniy meros obyektlarining oʻzaro integratsiyasi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlarining nodir fondlari bilan ishlovchi mutaxassislar muzey, arxivlar xodimlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Qoʻlyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati rahbari N.Zoitova davra suhbati ishtirokchilarini qutladi va tadbirning dolzarbligi jihatlarini aytib oʻtdi. “Mazkur davra suhbatining maqsadi - moddiy-madaniy meros obyektlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning kasbiy malakalarini oshirish, sohada roʻy berayotgan oʻzgarishlar va yangiliklarni oʻzlashtirish va osonlashtirish maqsadida ular oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, normativ tartiblarni muhokama qilish, konservatsiya, restavratsiya va kataloglash masalalarining sifatini yaxshilash”.
Oʻzbekiston davlat tarixi muzeyi direktori J.Ismailova moddiy-madaniy meros obyektlarining oʻzaro integratsiyasi borasida quyidagilarni taʼkidladi: “Madaniy meros va madaniy qadriyatlarga boʻlgan huquqiy meʼyorlar va meʼyorlarga qatʼiy rioya qilish, birinchi navbatda, madaniy merosning barcha hajmini saqlab qolish uchun shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi Bosh direktori oʻrinbosari D.Kucharova moddiy-madaniy meros obyektlarining oʻzaro integratsiyasi zaruratini va uning turizmni rivojlantirishdagi rolini eʼtirof etdi. “Muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylaydi, ular madaniy va maʼrifiy sayyohlikni rivojlantirishga, shu jumladan interaktiv dasturlarning toʻplamini rivojlantirishga yordam beradigan hududlarni, shu jumladan ichki va tashqi turizm bozorlarida reklama qilishda yetakchi rol oʻynaydi”.
Davra suhbati doirasida moddiy-madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan ishlarni yagona standartlar asosida tashkil etish, moddiy-madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlar, ularni targʻib qilish va soha mutaxassislari bilan oʻrtoqlashish mexanizmlari, YUNESKO “Jahon xotirasi” dasturining mintaqaviy va xalqaro darajasiga merosiy hujjatni taqdim etish tartib va talablari, moddiy-madaniy meros obyektlari fondlarini konservatsiya va restavratsiya qilish asoslari kabi mavzular muhokama qilindi.