O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston 206 mamlakat ichida 13-oʻrinni egalladi
2018-10-22 | Sport
6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Mazkur “kichik Olimpiada” oʻzbekistonlik yosh atletlar uchun har qachongidanda omadli keldi. Oʻyinlar yakuniga koʻra hamyurtlarimiz tomonidan umumiy hisobda 16 ta medal qoʻlga kiritildi. Ularning 5 tasi oltin, 4 tasi kumush va 7 ta bronza medallaridir. Medallar sifati boʻyicha 206 mamlakat ichida 13-oʻrinni egalladik.
Bugun tunda ushbu musobaqada ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Marosimda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Qayd etish lozimki, mazkur oʻyinlarda Oʻzbekiston oʻz rekordini yangiladi. Taqqoslash uchun, toʻrt yil oldin Nankinda boʻlib oʻtgan oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz 10 ta medal qoʻlga kiritgandi. Bu safargi musobaqada esa hamyurtlarimiz 16 ta medalga ega chiqqan holda mamlakatimiz uchun ushbu oʻyinlardagi eng yaxshi natijani qayd etdi.
Muhammad Amin olgan suratlar, OʻzA