O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonning Elchisi Italiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2018-10-22 | Siyosat
2018-yilning 19-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Otabek Akbarov Rim shahrida Italiya Respublikasi Prezidenti Serdjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi.
“Kvirinale” saroyida boʻlib oʻtgan marosimdan soʻng qisqa suhbat chogʻida Italiya Prezidenti Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga oʻzining hurmati va ehtiromini yetkazib qoʻyishni soʻradi. U 18 yillik toʻxtalishdan soʻng ikki davlat rahbarlarining toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini qayta tiklashning muhimligini taʼkidladi hamda Oʻzbekiston Prezidentini unga qulay boʻlgan vaqtda Italiyada qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
Yevropa Ittifoqining asoschi-davlati boʻlgan Italiya avval boshdan Oʻzbekiston-Yevropa munosabatlarining oʻrnatilishida faol rol oʻynagan. Jumladan, Oʻzbekiston bilan YI oʻrtasidagi sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim 1996-yilda Italiyaning YIga raisligi davrida aynan mazkur davlatda (Florensiya shahrida) imzolangan edi. Shundan kelib chiqqan holda Serdjo Mattarella Italiya bundan keyin ham Yevroittifoq bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar rivojlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Italiya rahbarining fikricha, ikki davlatning xalqaro maydonda yanada faol hamkorlik qilishi uchun, jumladan Afgʻonistondagi holatni barqarorlashtirishga va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish borasida yaxshi imkoniyatlar mavjud. U Oʻzbekiston – Italiya aloqalarini parlamentlararo yoʻnalishda, asosan dunyoda Italiya oldingi oʻrinlarda turuvchi sohalarda iqtisodiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish orqali jadallashtirish zarurligiga ham toʻxtalib oʻtdi. Prezident shuningdek madaniyat, taʼlim va turizm sohalarida ikki tomonlama yaqin sherikchilikning istiqbollarini eʼtirof etdi.