O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha qulayliklar

2018-10-18 | Jamiyat

Hurmatli tadbirkorlar!

Agar Siz tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun zaruriy yer maydoni yoki bino olishni oʻylagan boʻlsangiz, yoki sizda investitsiya loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarga ehtiyojingiz boʻlsa, yoki tematik bogʻ va mehmonxonalarni taʼmirlash yoki jihozlash uchun kerakli xorijdan keltirilgan mahsulotlari uchun boj imtiyozlaridan foydalanishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan boʻlsa, marhamat, mazkur masalalarni hal etish uchun tadbirkorlik subyektlariga taqdim qilingan qoʻshimcha qulayliklardan foydalaning.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5552-sonli Farmoni bilan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi qulaylik va afzalliklar taqdim etildi:

Birinchidan, endi tadbirkorlik subyektlariga qiymati kamida 1 million AQSH dollari ekvivalentida boʻlgan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining qarorlari asosida auksion oʻtkazmasdan amalga oshiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan 50 yil muddatga foydalanish hamda yoʻlboʻyi va turistik infratuzilma obyektlarini tashkil etish uchun xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga tutash hududlardagi yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini sotish “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta taʼmirlash va jihozlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallarni olib kirishdagi boj toʻlovi imtiyozidan foydalanishda “Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaslik” talabi bekor qilindi.
Endi mehmonxonangiz uchun kerakli yuqorida sanab oʻtilgan jihozlar mamlakatda ishlab chiqarilsa ham boj imtiyozidan foydalanib xorijdan olib kelishingiz mumkin.

Uchinchidan, mehmonxonalar va turistik infratuzilmaning boshqa obyektlarini qurish boʻyicha investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasini yillik ikki foizga kamaytirilganiga teng foiz stavkasida, yaʼni 14 foizdan tijorat banklariga resurslar ajratish orqali kredit liniyalari ochiladi. 

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan sotiladigan davlat mulki obyektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan davlat obyektlarini sotishga tayyorlashda xulosalar berilishi mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladi.

Mahalliy byudjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilishi summalari yoʻlboʻyi va turistik infratuzilma obyektlarini, shu jumladan, mehmonxonalarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish maqsadida foydalanishga ruxsat etildi. 

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi toʻlovlar bekor qilindi: 
-davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun Davlat raqobat qoʻmitasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida toʻlanadigan yigʻim; 
-mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat boji. 

Hurmatli tadbirkorlik subyektlari, mazkur qulaylik va imkoniyatlardan foydalanib oʻz biznesingizni rivojlantirish hamda mamlakat ravnaqiga oʻz hissangizni qoʻshing.

Поделиться