O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Keng koʻlamli targʻibot – tadbirkorlarga davlat mulkini samarali sotish tajribasi garovidir
2018-10-18 | Jamiyat
Tadbirkorlik loyihalarini faol amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan qator byurokratik talablarni bartaraf etish va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari hamda yer uchastkalarini tadbirkorlarga sotishni soddalashtirish maqsadida yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi.
“Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi ushbu Farmon asosida 2019-yilning 1-apreliga qadar davlat obyektlari va yerlarga boʻlgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment oʻtkaziladi. Boʻsh turgan davlat obyektlari 1 soʻm baho bilan sotuvga chiqariladi.
Mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlari hamda aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarini olib borish maqsadida adliya vazirining buyrugʻi bilan maxsus ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh aʼzolari yurtimizning turli hududlarida Farmonda nazarda tutilgan vazifalar, uning ahamiyatini jamoatchilik orasida koʻrgazmali materiallar orqali keng targʻib qilish ishlarini boshlab yubordi.
Shu kunga qadar ishchi guruhi tomonidan Farmonning ahamiyatini tushuntirish boʻyicha Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani, Fargʻona, Qoʻqon va Namangan shaharlarida seminarlar oʻtkazildi.
Uning navbatdagisi esa Andijon viloyatida boʻlib oʻtdi. Tadbir videoselektor shaklida tashkil etilib, unda Adliya vaziri oʻrinbosari A.Tashkulov, Huquqiy targʻibot va maʼrifat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari F.Tojiyev, shuningdek, viloyatdagi sektor rahbarlari va masʼul tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Seminarda nafaqat Farmonni tushuntirish, balki uning ijrosini taʼminlash uchun zarur koʻrsatma va tavsiyalar berildi.