Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency“ mehmonxonasida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarning eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Rockwell Automation” kompaniyasining hamkorligi borasida amaliy konferensiya tashkil etildi.
Unda xalqaro ekspertlar, tashqi savdo kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchi kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish va eksportga chiqarishda zarur huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam koʻrsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bunda jahonning katta tajribaga ega yirik kompaniyalari bilan olib borilayotgan keng koʻlamli hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarning eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini eksport qilishda oʻz koʻmagini berib kelmoqda. Joriy yilda jamgʻarma koʻmagida 2 ming 400 kichik biznes subyekti tomonidan 1 milliard AQSH dollaridan ziyod eksport shartnomalari imzolangan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 15 foizga oshgan.
“Rockwell Automation” ishlab chiqarishni avtomatlashtirish uchun maqbul yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanib, yillik birja aylanmasi 7 milliard AQSH dollaridan ortiqroqdir. 500 ta eng yirik Amerika kompaniyalari roʻyxatiga kiruvchi mazkur tashkilotning 80 mamlakatda oʻz filiali va dunyo miqyosida 22,5 ming ishchisi mavjud.
Kompaniya neft-gaz, togʻ-kon, metall, yengil va oziq-ovqat sanoati, isteʼmol tovarlari, mashinasozlik kimyo va neft-kimyo korxonalari, energetika, farmatsevtika kompaniyalari, qogʻoz va qogʻoz ishlab chiqarish korxonalar, tor yoʻnaltirilgan boshqa korxonalar bilan hamkorlik qiladi.
– Bugungi taqdimot orqali kelajakda mahsulotlarimni chet elga eksport qilish hajmi yanada oshishi meni quvontirdi, – deydi “Oniks Tashkent” MCHJ direktori Sardor Rasulov. – Bunday texnologiyalarning yurtimizga kirib kelishi biz, tadbirkorlar uchun bir muncha qulayliklarni yaratadi.
Tadbir davomida konferensiya ishtirokchilari zamonaviy sifat menejmenti, soha rivojidagi ilgʻor yechimlar, hamkorlikning afzalliklari va “Rockwell Automation” kompaniyasining texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish sohasidagi afzalliklari bilan tanishdi.
Davron Sunnatov, OʻzA