Termizda Afgʻoniston Islom Respublikasining bosh konsulligi ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻonistondagi maxsus vakili I.Irgashev, Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari N.Andisha va boshqalar azaldan bir daryoning ikki qirgʻogʻida yaqin qoʻshni, ishonchli doʻst boʻlib yashab kelayotgan Oʻzbekiston – Afgʻoniston munosabatlari rivoji keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan Afgʻoniston bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish, ushbu mamlakatda tinchlik-barqarorlik oʻrnatilishi va uni har tomonlama rivojlantirishga yordam berish tarafdori ekanini bildirgan edi. Joriy yil mart oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi qoʻshni mamlakatda tinchlik-osoyishtalik oʻrnatish va barqaror taraqqiyotni yangi bosqichga koʻtarish istiqbollarini belgilab berdi. Dunyo hamjamiyati Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha muayyan harakatlarni boshladi.
Mamlakatimiz Afgʻonistonda qator yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining teng sheriklikka asoslangan aloqalari kengaymoqda. Afgʻon fuqarolari uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etilgani yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani dalilidir.
Shu yil Termiz shahrida Surxondaryo viloyatining investitsiya, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bagʻishlangan “Ochiq Janub” xalqaro biznes-forumida ishtirok etgan 70 dan ortiq afgʻon tadbirkorlari ikki tomonlama shartnomalar imzoladi. Surxondaryo viloyatida afgʻon ishbilarmonlarining sanoat korxonalari tashkil etishi va qurilish ishlari bilan shugʻullanishi, servis va xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Termizda faoliyat yuritayotgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida ushbu yurtning 130 ga yaqin yoshlari kasb sirlarini oʻrganmoqda.
Termiz shahrida ish boshlagan Afgʻoniston bosh konsulligi bu boradagi ishlarni yuksaltirishga koʻmaklashib, yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini yanada faollashtirishga xizmat qiladi. Surxondaryo viloyatida yashayotgan, biznes bilan shugʻullanayotgan, taʼlim olayotgan Afgʻoniston fuqarolarining qonuniy manfaatlarini taʼminlaydi. Turli tadbirlar uyushtiradi. Qoʻshni mamlakatga boruvchilar uchun viza rasmiylashtirib beradi.
– Mamlakatimiz bilan chegaradosh boʻlgan Termiz shahrida Afgʻoniston konsulligi ochilganidan boshimiz osmonga yetdi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi talabasi Salim Faruqiy. – Bu oʻtmishdagi munosabatlarimiz yangicha mazmun bilan boyib, doʻstlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani tasdigʻidir. Ayni paytda men barcha zamonaviy qulayliklarga ega taʼlim markazida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi kasbi sirlarini puxta oʻrganyapman. Bu yerda bizning zamonaviy sharoitlarda yashab, aʼlo baholarga oʻqishimiz, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etishimiz, sport bilan shugʻullanishimiz uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingan. Buning uchun Oʻzbekiston davlatidan juda minnatdormiz.
Tadbirda Afgʻoniston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Shahobiddin Temuriy, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Poʻlatov ishtirok etdi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA