O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Press-reliz
2018-10-17 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 15-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va KPMG xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida suv va issiqlik taʼminoti sohasida tariflarni tartibga solish tizimlari — islohotlar uchun imkoniyatlar” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari, KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi ekspertlari, Oʻzbekistondagi mutasaddi vazirlik va tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya boʻyicha boshqaruvi direktori Natalya Xanjenkova ishtirok etdi. Shuningdek, YTTBning maslahatchi Imad Faxuri davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish boʻyicha taqdimot bilan qatnashdi.
Davra suhbatida “Uy-joy kommunal xoʻjaligida yangi tariflarni tartibga solishning asosiy prinsiplari. Qozogʻiston Respublikasi tajribasi” taqdimot oʻtkazildi. Unda maʼlum qilinishicha, Qozogʻiston Hukumati 2013-yilda YTTBga tarif siyosatini isloh qilish, shuningdek, tabiiy monopoliya obyektlari uchun Qozogʻiston Respublikasining qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish boʻyicha texnik yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qiladi.
2015-yilda Qozogʻiston Respublikasi “Tariflarni tartibga solish tizimini isloh qilish” loyihasining birinchi bosqichi yakunlandi, uning doirasida tahlil qilish va tariflarni tartibga solish tizimini isloh qilish boʻyicha tavsiyalar tayyorlandi.
2016-yilda “Qozogʻiston Respublikasi Tariflarni tartibga solish tizimini isloh qilish” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlandi, uning maqsadi 1 bosqichda keltirilgan tavsiyalarni bajarishga qaratilgan.
Unga koʻra, uy-joy kommunal xoʻjaligida yangi ragʻbatlantiruvchi tarif metodologiyasini ishlab chiqish, yangi tarif metodologiyasini rasmiylashtirish uchun Qozogʻiston Respublikasi qonun hujjatlariga zarur oʻzgartirishlarni kiritish, korxonalarda yangi tarif metodologiyasini sinovdan oʻtkazish kabi vazifalar koʻzda tutilgan.
Davra suhbatida yana bir taqdimot — “Kam taʼminlangan oilalarga (fuqarolarga) uy-joy kommunal xoʻjaligiga haq toʻlashda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini modernizatsiya qilish. Qozogʻiston Respublikasi tajribasi” mavzusida boʻldi.
Tadqiqotda Uy-joy-kommunal xizmatlarning tariflarini aholi uchun qulay narxlarda saqlab turilishining samaralari haqida maʼlumot berildi.
Unga oʻkra, Qozogʻistonda Uy-joy kommunal xizmatlari uchun imtiyozlardan (maxsus davlat imtiyozlari doirasida) monetizatsiya qilingandan soʻng 2008-2015-yillarda uy-joy fondidan yordam oluvchilar soni 2 barobardan koʻproq kamayib, 99 mingta oilani tashkil etgan.