O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
XTV va “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi hamkorlik oʻrnatish masalalarini muhokama etdilar
2018-10-16 | Ta’lim
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalarini muhokama etdilar.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga tashrifi arafasida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi Prezidenti Andrey Sharonov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar Oʻzbekiston xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishlari bilan tanishdilar.
Oʻz oʻrnida Andrey Sharonov “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi faoliyati va uning taʼlim dasturlari haqida maʼlumotlar taqdim etdi.
“Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabining dasturlari “harakat orqali taʼlim” tamoyili asosida qurilgan boʻlib, tinglovchilar nazariy bilimlar bilan birga amaliy koʻnikmalar ham oladilar.
“Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi yuqori sinf oʻquvchilari uchun Startup Academy Junior tadbirkorlik dasturini ham amalga oshirib kelmoqda. Dastur ishtirokchilari oʻz bizneslarini tashkil etishlari va rivojlantirishlari uchun amaliy koʻnikmalarni egallaydilar hamda oʻzlarini menejer va tadbirkor rolida sinab koʻradilar.
Biznes maktab qoshida iqtisodning turli sektorlari rivojlanishini oʻrganuvchi va taʼlim dasturlarini ishlab chiquvchi tadqiqot markazlari va kafedralar faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv doirasida tomonlar taʼlim sohasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha fikrlar almashdilar.