O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻtkir Hoshimov tavalludiga bagʻishlangan foto koʻrgazma va xotira kechasi boʻlib oʻtdi
2018-10-16 | Jamiyat
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida 10-oktabr kuni Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludiga bagʻishlangan “Dunyoning ishlari“ nomli foto koʻrgazma va xotira kechasi oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov mustaqil Vatanimizning adabiyoti va maʼnaviy xazinasiga salmoqli hissa qoʻshgan ijodkor ekani alohida taʼkidlandi.
Yozuvchi bir suhbatida: “Mening eʼtiqod darajasiga aylangan shiorim bor. Xudo koʻngliga solmaguncha, yozuvchi qoʻliga qalam olmaydi. Isteʼdodning birinchi talabi ham shu boʻlsa ehtimol. Ijod shunchaki qogʻoz qoralash emas. Aks holda savodi bor har qanday odam adib yoki shoir boʻlib ketaverardi. Chinakam badiiy asar yozilmaydi, katta hayajon, ichki ehtiyoj bilan tugʻiladi”, degan edi. U oʻzining eʼtiqodiga sodiq boʻlib ijod qildi. Xalqimiz ardoqli farzandi qariyb ellik yil davomida yozgan yetmishdan ortiq kitobi qator tillarda chop etildi, uning asarlari kirib bormagan xonadon boʻlmasa kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, isteʼdodli yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Dunyoning ishlari“ nomli foto koʻrgazma barchada katta taassurot qoldirdi.