O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jinoyat boʻyicha sudlangan shaxslar soni qariyb 38 foizga kamaydi

2018-10-16 | Jamiyat

Fuqarolar huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini taʼminlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

Oʻtgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, har bir ish boʻyicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
 
Barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida koʻrib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yoʻlida koʻrilgan muhim chora boʻldi. Xususan, joriy yilning toʻqqiz oyida sudlar tomonidan koʻrilayotgan ishlarning qariyb 46 foizi sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilgan. Aholi orasida, keng jamoatchilik ishtirokida koʻrib chiqilayotgan bunday ishlarning taʼsirchanligi ayrim jinoyatlarning keskin kamayishiga olib kelmoqda.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq sud organlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga oid ishlar yanada kengaytirildi.
 
Har bir sudda qabul qilingan sud hujjati oʻqib eshittirilganidan soʻng uning mazmun-mohiyati sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi sud amaliyotiga keng joriy etildi.
 
Bu kabi choralar natijasida sudlar faoliyatining samaradorligi ortgani, muhimi, jinoyat ishi boʻyicha sudlanayotgan shaxslar soni kamaygani kuzatildi. 2018 yilning toʻqqiz oyida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 36 ming 889 nafar shaxsga nisbatan 28 ming 730 ish koʻrib chiqildi. Mazkur raqamlar 2017 yilning shu davriga nisbatan shaxslar boʻyicha 37,9 foizga, ishlar boʻyicha esa 36,5 foizga kamayganini koʻrsatdi.
 
– Jumladan, 590 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov. – Sudlangan shaxslar soni 27 ming 193 nafarni tashkil etib, shundan 6 ming 696 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 18 ming 900 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 1 ming 597 nafar shaxs shartli hukm qilindi.
 
Shuningdek, 2,5 ming nafarga yaqin shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 23 ming 487 nafari jazoni oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 7 ming 216 nafariga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi. 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
 
Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam oʻldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, oʻgʻrilik, pora olish va berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, bezorilik, giyohvandlik vositalar yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, transport vositasini olib qochish, qasddan badanga ogʻir va oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik koʻrsatkichlari kamaydi.
 
Yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi natijasida 6 ming 914 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
 
Yetkazilgan 294,2 milliard soʻmdan ziyod moddiy zararning oʻrnini qoplagan uch mingga yaqin shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan.
 
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 1 ming 191 nafar shaxsga nisbatan ishlar koʻrib chiqildi. 655 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 433 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.
 
Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolar va yuridik shaxslarning qonuniy huquqlari taʼminlanishi uchun barcha choralar koʻrilmoqda.
 

N.Abduraimova, OʻzA

Поделиться