O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yapon tilini oʻrgatish markazi
2018-10-16 | Ta’lim
Fargʻona shahrida Yaponiya bilan hamkorlikda “Mirai educational center” oʻquv va moslashtiruv markazi ish boshladi.
Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari oʻzaro doʻstlik va ishonch hamda teng sheriklik tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatida ham kunchiqar yurt bilan koʻplab sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Joriy yil mart oyida tashkil etilgan “Rishton – Yaponiya” madaniy va iqtisodiy aloqalar markazi mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “Rishton – Tomioka“ tajriba bogʻi uchun ajratilgan 3,5 gektar yerda amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Mazkur yangi markaz ham Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalardan biridir. Yaponiyada faoliyatini amalga oshiradigan fuqarolarni ketish oldidan moslashtirish va oʻqitish markazini tashkil etish uchun kunchiqar yurt mamlakati tadbirkorlari tomonidan investitsiya mablagʻlari kiritildi. Markazda yapon tili oʻqituvchilari va malakali mutaxassislar yordamida yoshlarni xorijda ishlashga tayyorlash va joʻnatish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
– Zamonaviy markaz faoliyati nafaqat tashqi mehnat migratsiyasi, balki ijtimoiy-madaniy, turizm sohalaridagi hamkorlik koʻlamini kengaytirishga ham xizmat qiladi, – deydi oʻquv markazi direktori Habibullo Nazirov. – Bu yerda yapon tilini oʻrganish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, markazimiz ikki davlat madaniyati va qadriyatlarini, turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan koʻplab tadbirlarni ham belgilab olgan.
M.Sulaymonov, OʻzA