O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sanʼat rivoji yoʻlidagi eʼtibor namunasi
2018-10-15 | Jamiyat
Poytaxtimizda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yiliga bagʻishlab tashkil etilgan VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar tasviriy sanʼat sohasida oʻtkazilayotgan turli ijodiy loyihalar mamlakatimizda milliy sanʼatimiz va madaniyatimiz ravnaqi yoʻlidagi eʼtiborning yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi.
VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi bugungi shiddatli taraqqiyot jarayoniga ijodkor nigohi bilan nazar tashlash imkonini bergani bilan ahamiyatli boʻldi. Betakror va rang-barang koʻrgazmalar poytaxtimiz hamda koʻhna Buxoroda ham oʻtkazilgani loyiha tadbirlaridan tobora koʻproq hamyurtlarimizni bahramand etdi.
– Men xalqaro miqyosdagi koʻplab biyennalelarda ishtirok etganman, ularni atroflicha kuzatganman, – deydi germaniyalik jurnalist Rene Falkner. – Har bir biyennale oʻz xususiyati, xarakteriga ega. Toshkent xalqaro koʻrgazmasi davomida koʻplab ajoyib va qiziqarli sanʼat asarlaridan bahra oldik. Nazarimda ushbu loyiha fikri, ijod uslubi, yoʻnalishi, qarashlari turlicha boʻlgan ijodkorlarni oʻz atrofiga jamlagani bilan ham qiziqarli va mazmunli boʻldi.
– Bunday koʻrgazmalar har bir insonning kelgusidagi faoliyati uchun katta maʼnaviy quvvat beradi, – deydi italiyalik olim Marko Paulo Legler. – Koʻrgazmada oʻzbekistonlik mohir rassomlar bilan birga badiiy sohada oʻz yoʻlini izlayotgan isteʼdodli yoshlarga ham keng oʻrin berilgani ularning ijodiy kamolotida gʻoyat muhim.
– Sanʼatga, maʼnaviyatga boʻlgan eʼtibor mamlakat, jamiyatning sogʻlom maʼnaviy muhitidan darak beradi, – deydi biyennale hakamlar hayʼati raisi, rossiyalik musavvir Dmitriy Bulatov. – Bu xalqaro koʻrgazma imkon qadar koʻproq ijodiy ishlarni tomoshabinlarga taqdim etgani diqqatga sazovor. Oʻzbekistonning bunday biyennalelar oʻtkazish borasidagi tajribasi eʼtiborga molikdir.
Maʼrifiy loyiha yakunida ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan ijodkorlar taqdirlandi.
N.Usmonova, OʻzA