O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Innovatsion klinika ochildi
2018-10-15 | Innovatsiya
2018-yilning 12-oktabr kuni Toshkentda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida DM Innovatsion klinikasi ochilishi boʻlib oʻtdi. Ochilish marosimida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, innovatsion klinikaning asoschisi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi ZulfiyaMaqsudova, sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Ilmira Bositxonova hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi AdhamIkromov soʻzga chiqdilar.
Tadbirda professor-olimlar, shifokorlar, jamoatchilik vakillari, turli vazirlik va muassasalar xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar. Klinika, odatga koʻra, qizil lentani kesish bilan ochildi. Mehmonlarga innovatsion klinika boʻylab tanishtiruv ekskursiyasi oʻtkazildi. Eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, toʻrt qavatlidavolanish maskani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Maʼlumki, hozirgi vaqtda mamlakatimizda ulkan iqtisodiy va ilm-fan taraqqiyoti yoʻlidagi yangiliklar, shu jumladan, sogʻliqni saqlash tizimida ham innovatsion gʻoyalarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Doktor Maksudova klinikasi (DM innovatsion klinikasi) bilan imzolangan memorandumning bosh maqsadi yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimining shakllanishi va rivojlanishidagi tarixiy va hududiy jihatlarni eʼtiborga olgan holda sogʻliqni saqlash tizimiga xalqaro standartlarni, davolashning yangi, zamonaviy usullarini ishlab chiqish,sinovdan oʻtkazish va joriy qilishdir.
Shu maʼnoda ham Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Doktor Maksudova innovatsion klinikasi hamkorlikda innovatsion texnologiyalar va davolash usullarini joriy etish, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasigacha koʻtarishni oʻz oldiga maqsad qilib oldi.
Innovatsion vazirlik va innovatsion klinikaning hamkorligida yurtimiz shifokorlari davolashning innovatsion usullari va texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha malakalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, yangi innovatsion tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni tezlashtirish maqsadida mashhur xorijiy klinikalar va tibbiyot institutlari bilan hamkorlik oʻrnatiladi. Bu ham shifokorlarimizning yangi davolash usullaridan xabardor boʻlishlariga xizmat qiladi, ularning xorijda oʻqib, yangi tajribalarni orttirib kelishlari uchun sharoitlar yaratiladi.
Innovatsion klinikada koʻz shohparda kasalliklarini tashhislash va davolashning innovatsion usullari va texnologiyalarini qoʻllash orqali yurtimizda ilk bor mikroinvaziv jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Avvallari bunday amaliyot uchun horijga borishga toʻgʻri kelardi.
Shu bilan bir qatorda mazkur klinika yurtimizdagi tibbiyot oliy yurtlari magistrlari uchun innovatsion tibbiyot texnologiyalariga oʻrgatish boʻyicha ilmiy-amaliy platforma vazifasini bajaradi.
DM Innovatsion klinikasida bemorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida doimiy aksiyalar oʻtkazilishi, hamda doimiy mijozlar va aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlami uchun imtiyozlar koʻzda tutilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Doktor Maksudova innovatsion klinikasi”ning bundan keyingi hamkorlikdagi faoliyati sogʻliqni saqlash tizimidagi innovatsiyalar, ilm-fan va texnika yutuqlarini yuqori choʻqqilarga olib chiqishda hamda aholi salomatligini yaxshilash borasida xizmat qiladi.