O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termizda turkmanistonlik sanʼatkorlar tantanali kutib olindi
2018-10-15 | Madaniyat
Termiz temir yoʻl vokzalida Tojikistonda oʻtkaziladigan Turkmaniston madaniyati kunlarida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga yoʻl olgan turkmanistonlik sanʼat ustalarini tantanali kutib olish uchun davlat va jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.
Ashxoboddan yoʻlga chiqqan poyezd vokzalga kelib toʻxtadi.
Milliy libosdagi qizlar non va shirinliklar, anvoyi guldastalar bilan turkmanistonlik mehmonlarga peshvoz chiqdilar. Ikki davlat bayroqlarini koʻtargan yoshlar ularni “Yashasin, Turkman-oʻzbek doʻstligi!”, deya samimiy kutib olishdi.
Termiz temir yoʻl vokzalida qardosh xalqning turmush tarzi, anʼana va urf-odatlarini ifoda etuvchi etnografik shaharcha barpo etilgani, hunarmandlar koʻrgazma-yarmarkasi hamda milliy taomlar namoyishi mehmonlarga hayrat ulashdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar turkmanistonlik madaniyat va sanʼat ustalarining yurtimizga, xususan 136 mingdan ortiq turkman millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladigan Surxondaryo viloyatiga tashrifi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.
Shundan soʻng Turkmaniston sanʼat ustalari ijrosida doʻstlik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari yangradi. Ushbu madaniy tadbir surxondaryolik tinglovchilarga unutilmas uchrashuv onlarini taqdim etdi.