O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Madaniyat vaziri Oʻzbekiston “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi bilan uchrashdi
2018-10-15 | Madaniyat
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ijrosi muhokama qilindi.
Chora-tadbirlar rejasiga asosan partiya va vazirlik tomonidan hududdagi mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini toʻliq inventarizatsiya qilish, ularni muhofaza qilish va ulardan foydalanish holatini oʻrganish hamda bu boradi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.
Oʻz navbatida Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev partiya tomonidan taqdim etilgan hisobotni koʻrib chiqib, birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarda koʻmaklashishida minnatdorchilik bildirdi. Vazir yurtimizdagi moddiy madaniy meros obyektlarimizni asrab -avaylash har bir kishining burchi ekanligini eʼtirof etdi.
- Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini asrash va tarixiy yodgorliklarni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va konservatsiyalash, ularning chegaralarini va muhofaza hududlarini belgilash, kadastr roʻyxatidan oʻtkazishga koʻmaklashish Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi oldida turgan muhim vazifalar qatoriga kiradi, - dedi Sarvar Otamuratov.
Uchrashuvda huquqiy bazani mustahkamlash jumladan, “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tayyorlash, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish lozim ekanligi qayd etildi. Bir qator tashkiliy choralarni koʻrish, avvalambor sohada eng katta muammo boʻlib turgan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishda mutaxassislarning yetishmaslik muammosini bartaraf etish maqsadida restavratsiya ishlarini ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Mamlakatimizda madaniyat sohasini isloh qilish, madaniy meros obyektlariga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida joriy yilda partiya fraksiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalasini parlament eshituvida muhokama etish rejalashtirilgani aytib oʻtildi.
Uchrashuvda ikki tomon madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish borasida mavjud muammolarni bartaraf etish, kamchiliklarning oldini olish yuzasidan bir qator vazifalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.