O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligining “Biz birgamiz” nomli ijtimoiy loyihasi amalda
2018-10-15 | Jamiyat
2018-yilning 14-oktabr kuni poytaxtimizdagi “Ekobozor” savdo majmuasida Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi va boshqa shu kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar 1-Respublika savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Savdo yarmarkasi Adliya vazirligining nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Biz birgamiz” nomli ijtimoiy loyiha doirasida amalga oshirildi.
1-Respublika savdo yarmarkasi doirasida oʻz uylarida turgan holda turli xildagi buyumlar, mahsulotlar tayyorlash bilan shugʻullanadigan, biroq oʻz mahsulotlarini realizatsiya qilishda turli qiyinchiliklarga uchrayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarning tayyorlagan mahsulotlarini sotish uchun savdo majmualarida bevosita Adliya vazirligining koʻmagida maxsus savdo rastalari tashkil qilindi.
Shuningdek, 1-Respublika savdo yarmarkasida Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan nogironligi boʻlgan shaxslarning mazkur tadbirlarda qatnashishlari uchun barcha sharoitlar yaratilib, har tomonlama koʻmak berildi. Ularning maʼnaviy hordiq olishlari uchun taniqli sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi ham tashkil etildi.