O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Paraosiyo oʻyinlarida 77 ta medal bilan 6-oʻrinni egalladi
2018-10-15 | Sport
Indoneziyaning Djakarta shahrida start olgan III yozgi Paraosiyo oʻyinlari oʻz nihoyasiga yetdi.
ParaOsiyo oʻyinlarida 42 ta davlat qatorida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 5 ta sport turi (Pauerlifting, suzish, yengil atletika, oʻq otish va dzyudo) boʻyicha 54 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi musobaqada 77 ta medal (35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza) jamgʻardi va musobaqa tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.
Mazkur Paraosiyo oʻyinlarida yangi nomlar, yangi chempionlar kashf etildi. Xususan, yengil atletikaning bir qator yoʻnalishlari, jumladan, balandlikka sakrash (erkaklar, oyoq amputatsiyasi) boʻyicha Temur Giyazov, uzunlikka sakrash (ayollar, qoʻl amputatsiyasi) boʻyicha Kamola Abdullayeva, nayza uloqtirish (ayollar, qoʻl amputatsiyasi) Roziya Ergasheva, yadro uloqtirish (boʻyi 140sm dan past boʻlgan sportchilar) bahslarida Bobur Omonovni bunga misol qilib keltirishimiz mumkin.
Oʻzbekiston sportchilari Paraosiyo oʻyinlari davomida koʻplab rekordlar (39 ta) muallifi boʻlishdi. Xususan, suzishda 2 marta jahon rekordi, 12 marta qitʼa va 13 marta Paraosiyo oʻyinlari rekordlari oʻzbekistonlik atletlar tomonidan yangilandi. Yengil atletikada 1 marta jahon, 2 marta Osiyo, 9 marta Paraosiyo oʻyinlari rekordlari yangilandi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston III Paraosiyo oʻyinlarini 6-oʻrinda yakunladi.