Savdo-sanoat palatasida hududlarda tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitishni takomillashtirish yoʻnalishlariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi, Cavdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan videokonferensiya shaklidagi tadbirda aholini tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Norma professional rivojlanish markazi" nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va viloyatlardagi kasb-hunar kollejlari bazasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan aholi uchun bepul oʻquv kurslari tashkil etmoqda. Bunda band boʻlmagan va ishsiz aholi, yoshlarni masofaviy oʻqitish boʻyicha oflayn va onlayn oʻquvlar ham muhim oʻrin tutadi. Masalan, joriy yilning shu davriga qadar 525 nafar tinglovchi onlayn taʼlim olib, markaz sertifikatiga ega boʻldi.
– Joriy yilning oʻtgan davrida jami 461 bepul oʻquv kurslar tashkil etildi, – dedi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi direktori U. Kamoliddinov. – Bu oʻquv kurslarda 8 ming 685 nafar tadbirkorlik subyekti vakili va aholi bepul oʻqitildi. Ularning 7 ming 263 nafariga sertifikatlar berildi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, joriy yilning 9 oyida tahsil olgan tinglovchilardan 768 nafari tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan boʻlsa, 331 nafar tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Natijada 1 ming 466 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
Markaz tinglovchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yanada kengaytirish maqsadida jami 9,6 milliard soʻm miqdoridagi bank kredit mablagʻlari olingani qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, OʻzA