Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida oʻtayotgan III yozgi Paraosiyo oʻyinlarining 11-oktabr kuni oʻtkazilgan bahslarida paralimpiyachilarimiz 3 sport turi boʻyicha 21 medalni qoʻlga kiritdi.
Musobaqaning yengil atletika boʻyicha uzunlikka sakrash bahslarida Doniyor Soliyev eng yaxshi natijani qayd etdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Faxriddin Hamroyev esa 1500 metrga yugurishda marra chizigʻini birinchi boʻlib bosib oʻtdi va delegatsiyamizga navbatdagi oltin medalni keltirdi.
Shuningdek, vakillarimizdan disk uloqtirishda Safiya Burxanova, 400 metrga yugurishda Miran Saxatov kumush medallarga sazovor boʻldi. Ushbu masofaga ayollar oʻrtasida yugurishda Sabina Suxanova bronza medaliga ega chiqdi. Yadro uloqtirish boʻyicha bahslarda ishtirok etgan Muhammad Rixsimov shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi.
Dzyudo bahslarining jamoaviy bellashuvlarida oʻzbekistonlik sportchilar uchinchi oʻrin uchun bahsda moʻgʻulistonlik raqiblarni magʻlub etib, bronza medal bilan taqdirlandi. Xotin-qizlar oʻrtasidagi jamoaviy bahslarda terma jamoamiz aʼzolari kumush medal sohibi boʻldi.
Suv sport turining 100 metrga batterflyay usulida suzish boʻyicha oʻtgan erkaklar va ayollar oʻrtasidagi poygalarda barcha medallar delegatsiyamiz aʼzolariga tegishli boʻldi. Ushbu bahslarda Islom Aslanov oltin, Kirill Pankov kumush, Dmitriy Xorlin esa bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida Shohsanamxon Toshpoʻlatova, Fotimaxon Omilova hamda Nigoraxon Mirzohidova shohsupaga koʻtarildi.
Mazkur masofaga chalqancha suzishda erkaklar oʻrtasida Kirill Pankov va Muzaffar Tursunxoʻjayev oltin hamda bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida barcha sovrinli oʻrinlar yana bir bor sportchilarimizga nasib etdi. Unda Shohsanamxon Toshpoʻlatova, Nigoraxon Mirzohidova, Fotimaxon Omilova oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi.
Shu tariqa, 11 oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobida 31 oltin, 20 kumush va 16 bronza jami 67 medal mavjud.
12 oktyabr kungi bahslarning boshlanishi bilan yengil atletikachilarimiz jamoamiz hisobiga uch medalni qoʻshib qoʻydi.
Erta tongdan 1500 metrga yugurish bahslarida Maʼrufjon Murodillayev marraga birinchi boʻlib yetib keldi va oltin medalga ega chiqdi. Disk uloqtirishda Elbek Sultonov, uzunlikka sakrashda Asila Mirzayorova bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA