O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Misr: amaliy hamkorlikning yangi bosqichi
2018-10-12 | Jamiyat
2018 yil 11-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati N.Yo‘ldoshevning Misr bosh imomi, “Al-Azhar” kompleksi rahbari shayx Ahmad at-Tayib o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Misr Arab Respublikasi Prezidenti as-Sisining yaqinda O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgani hamda munosabatlarimizga amaliy mazmun bergani ta’kidlandi. Misr bosh imomi, “Al-Azhar” kompleksi rahbari shayx Ahmad at-Tayibning mamlakatimizga tashrifi yuksak darajada boshlangan muloqotning davomi bo‘ldi.
Tomonlar diniy bag‘rikenglikni, e’tiqod erkinligini ta’minlash, Islom dining asl insonparvarlik mohiyatini xalqqa va butun jahon hamjamiyatiga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.
Shu munosabat bilan Islom olamining ko‘zga ko‘ringan olimlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, musulmonlarning eng nufuzli va obro‘-e’tiborli ta’lim muassasasi bo‘lmish Misrning “Al-Azhar” yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot kompleksi, boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda “Al-Azhar” kompleksi “Al-Azhar” akademiyasi va universitetini, xorijiy talabalar uchun o‘rta maktablar, tayyorlov o‘quv kurslarini, ilmiy kutubxonani o‘z ichiga oladi. Universitet talabalarining umumiy soni 50 mingdan ziyoddir. Shundan 40 ming talaba jahonning 120 dan ortiq mamlakatidan kelgan xorijiy talabalardir. Ular orasida o‘zbekistonlik yoshlar ham bor. “Al-Azhar” kompleksi bilan o‘zaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishi diniy ma’rifat va bag‘rikenglikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini bundan buyon ham mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.