O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Misr delegatsiyasining uchrashuvlari
2018-10-12 | Jamiyat
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 11-oktyabr kuni Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻldi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi mutasaddilari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islomning asl mohiyatini targʻib etishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar islom olimlarining oʻzaro birlashishi, hamkorlik qilishida gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda bu borada qator amaliy qadamlar tashlanmoqda.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.Akramov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Sh.Yovqochev va boshqalar mamlakatimizda maʼrifiy islomni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning din sofligini taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissasini oʻrganish va targʻib etish yuzasidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida mehmonlarga maʼlumot berdi.
Misr Bosh imomi yurtimizda islom dunyosida mashhur koʻplab olimu ulamolar yetishib chiqqanini, mazkur taʼlim dargohi talabalari buyuk ajdodlarimiz ishlarining davomchisi ekanini taʼkidladi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida diniy-maʼrifiy sohada hamkorlikni kengaytirish, oʻqituvchilar tajribasini oshirish, kadrlar almashuvini yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Islom dinidagi dolzarb masalalarni davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar tashkil etish orqali ilmiy jihatdan tahlil qilish boʻyicha kelishib olindi. Shayx Ahmad Muhammad Tayyibga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy professori unvoni berildi.
Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan Al-Azhar universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yoʻldoshev bilan suhbatda Misr Bosh imomining Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi faol muloqotning mantiqiy davomi sifatida mamlakatlarimizning doʻstona va ishonch ruhidagi aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muloqotda diniy bagʻrikenglik, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, sof islom maʼrifatini, uning insonparvarlik gʻoyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazishda hamkorlikni mustahkamlash haqida soʻz yuritildi.
Tomonlar Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini bundan buyon ham mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA