O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq qarzdorligi iqtisodiyot rivojiga toʻsiqdir
2018-10-10 | Jamiyat
Mamlakat ravnaq topishida iqtisodiyotga yoʻnaltiriladigan soliqlarning ahamiyati kattadir. Vaqtida toʻlanmagan soliqlar esa soliq qarzdorligini vujudga keltiradi.
Byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmalar oldidagi soliq qarzlarini qisqartirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi soliq idoralari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, joriy yil boshidan shu kungacha 300 mlrd. soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi mavjud korxonalarga soliq qarzlarini toʻlash toʻgʻrisida ogohlantirish talabnomalari berilib, mazkur korxonalar tomonidan 180 mlrd. soʻmga yaqin soliq qarzdorliklari toʻlab berildi.
Shuningdek, soliq qarzdorligi toʻlanmagan 2 mingdan ortiq korxonalarning 140 mlrd. soʻmga yaqin soliq qarzdorligini ularning mol-mulki hisobidan undirish maqsadida Iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritildi hamda sud ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi boʻlinmalariga oʻtkazildi.
Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga 120 mlrd. soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi undirilishi taʼminlandi.
Xususan, joriy yil 1 sentabr holatiga koʻra, Nukus shahrida joylashgan “Qaraqalpaqpromstroy-konstruksiya” MCHJning byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalardan soliq qarzdorligi 182,6 mln. soʻm va oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik uchun hisoblangan penyasi 25,2 mln. soʻm yoki jami soliq qarzdorligi 207,8 mln. soʻmni tashkil qiladi. Tuman majburiy ijro byurosi va soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda korxonaning 60,7 mln. soʻm mol-mulki sotilib, davlat byudjetiga undirildi. Shuningdek, korxonaga tegishli imorat xatlanib, sotish choralari koʻrilmoqda.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, soliqlarni vaqtida toʻlash har bir korxona, tashkilot va fuqaroning majburiyati hamda burchi hisoblanadi. Shunday ekan, belgilangan soliqlarni vaqtida toʻlagan holda, yurtimiz iqtisodiyoti ravnaqiga hissa qoʻshishga harakat qilaylik.
Davronbek BABAJANOV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi boshligʻi.