O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro tijorat arbitraji rivojlanishi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya
2018-10-09 | Iqtisodiyot
Kishinyov shahrida Moldova Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining 25 yilligiga bagʻishlangan “Xalqaro tijorat arbitrajining rivojlanish istiqbollari” mavzusida Xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada Moldova Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasining masʼul xodimlari, Bolgariya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Estoniya, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Xalqaro tijorat arbitraj sudlarining raislari, Ispaniya, Chexiya va boshqa davlatlarning xalqaro arbitrlari, tijorat arbitraji sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar, advokatlar va huquqshunos olimlar, shuningdek biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyada Moldova Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Dumitru Postovan, xalqaro arbitr, professor A.Belogovek (Chexiya), xalqaro arbitr, professor Xose Luis Iriarte (Ispaniya), - Moldova Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi Aruyel Beyeshu, Bolgariya Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi B. Punev, Rossiya Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari, RF SSP huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisining oʻrinbosari V.V.Chubarov, Ruminiya Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Stefan Dyakonu, RF Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi A.A.Kostin, Estoniya Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Asko Poxla, Qirgʻiziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudining raisi Sh.Yu.Maychiyev, Qozogʻiston xalqaro arbitrajining raisi M.K.Suleymenovlarning xalqaro tijorat arbitrajini rivojlanish istiqbollari, arbitraj qarorlarini ijrosi, arbitraj qonunchiligining isloh qilish, arbitraj bitimi mavzularidagi maʼruzalari tinglandi.
Konferensiyada taʼkidlanganidek, xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishdan manfaatdor davlatlar uchun ustuvor faoliyat yoʻnalishlaridan biri qulay huquqiy muhit yaratish, qonunlarni va ularni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish hisoblanadi. Davlatning bunday pozitiv faoliyatining eng muhim yoʻnalishi xalqaro tijorat nizolarini xal qilish sohasi boʻlishi lozim. Obroʻli, malakali arbitraj xalqaro tadbirkorlik doirasida davlatning ijobiy qiyofasini shakllantiradi, uning reputatsiyasini mustahkamlaydi, bu oʻz navbatida har tomonlama qulay boʻlgan investitsiya muhitini yaratish orqali iqtisodiyotni barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisidagi milliy qonunchilikni takomillashtirishda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maʼqullangan YUNSITRALning Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisidagi Namunaviy qonunining ijobiy taʼsiriga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek konferensiyada Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Otaxonov Foziljon Xaydarovich “Oʻzbekistonda xalqaro tijorat arbitrajini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida maʼruza qildi.
F.Otaxonov oʻz maʼruzasida xalqaro tijorat arbitraji sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari surdi: a) bu sohada ham ikkitomonlama, ham koʻptomonlama kelishuvlar tuzish; b) arbitraj muhokamasining dolzarb masalalari boʻyicha tajriba almashish maqsadida doimiy aloqa oʻrnatish; v) xalqaro tijorpat arbitrajining dolzarb muammolariga bagʻishlangan tadbirlarni (konferensiyalar va seminarlar) hamkorlikda oʻtkazish; g) “Xalqaro tijorat arbitraji” nomli maxsus jurnal chop etish va uning muassisi sifatida MDH davlatlari Xalqaro tijorat arbitraj sudlari yoki ularning taʼsischilarini jal qilish.
Xalqaro konferensiya yakunida Xalqaro tijorat arbitraji sohasida MDH ga aʼzo davlatlar SSP rahbarlarining Maslahat kengashi boʻlib oʻtdi. Unda xalqaro tijorat arbitraji sohasida hamkorlik qilish mexanizmlari masalasi muhokama qilindi.