O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya Hukumatining Maxsus vakili bilan uchrashuv
2018-10-09 | Siyosat
2018-yilning 8-oktabr kuni TIVda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining Afgʻoniston va Pokiston boʻyicha Maxsus vakili Markus Potsel bilan uchrashdi.
Muntazam Oʻzbekiston-Germaniya siyosiy maslahatlashuvlari doirasida tomonlar Afgʻonistonda vujudga kelgan holat va mazkur davlatdagi tinchlik jarayoni istiqbollari borasida fikr almashdilar.
Uchrashuvda Oʻzbekiston poytaxtida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha nufuzli xalqaro konferensiya yakunlariga koʻra 27-mart kuni qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining bandlari va takliflarini amalga oshirish borasidagi hamkorlik masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.
Suhbatda “Mozori-Sharif – Hirot” temir yoʻl magistralini, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini, turli uzunlikdagi avtomobil yoʻllarini va Afgʻonistondagi boshqa infrastruktura obyektlarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish uchun moliyaviy manbalarni jalb qilish masalasi ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan taʼlim yoʻnalishidagi loyihalarda, jumladan Termezda tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi hamda Afgʻonistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash xalqaro fondi faoliyatida Germaniya tomonining ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.