O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov: Saylov jarayonini boshqarishning elektron tizimi yaratiladi

2018-10-08 | Saylov

Dunyo – kaftimizdagi koʻzguga aylandi. Yaʼni axborot asri samarasi oʻlaroq, dunyoni kaftdek koʻzgu orqali koʻrish va anglash mumkin. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal taraqqiy etayotgani bunga zamin yaratdi. Bu global jarayonda Oʻzbekiston ham ildam qadam tashlamoqda.

Elektron saylov tizimini yaratish orqali saylovlarning shaffofligini taʼminlash boʻyicha ham amaliy ishlarga kirishildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 4 oktyabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori buning yaqqol dalilidir.
 
OʻzA muxbiri mazkur qaror ahamiyati va ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV bilan suhbatlashdi.
 
– Zamonaviy texnologiyalardan mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy salohiyatini oshirish, elu yurtimiz qadriyatlarini va yutuqlarini jahon hamjamiyatiga tanitish, xalqimiz farovonligini oshirish yoʻlida samarali foydalanilmoqda, – deydi M.Abdusalomov.– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlatchiligimizda ulkan oʻzgarish yasagan tarixiy nutqi – 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “... 2019 yilda hokimiyatning vakillik organlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tadbirlar dasturini ishlab chiqishga hozirdan kirishish kerak. Dasturda mazkur siyosiy jarayon yanada oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish zarur”, deb taʼkidlangan edi.
 
Bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 5-bandida Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining Yagona elektron roʻyxati va saylov jarayonlarini boshqarishda axborot tizimini takomillashtirish hamda “Elektron hukumat” tizimi doirasida butun respublika boʻyicha joriy etish vazifasi belgilab qoʻyildi.
 
Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga oid qarorning qabul qilinishi ushbu vazifalarni amalga oshirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Garchi ushbu qaror tashkiliy-huquqiy xususiyatga ega boʻlsa-da, uning siyosiy ahamiyati beqiyosdir. Mazkur qaror bilan mamlakatimizda saylov tizimini isloh qilish boʻyicha yangi qadam qoʻyildi. Zero, saylov siyosiy hayotimizni demokratlashtirishda eng dolzarb jihatlardan hisoblanadi.
 
Prezident qarorining qabul qilinishidan asosiy maqsad – avvalo, saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishdan iborat. Shuningdek, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan samarali foydalanish uchun zarur dasturiy infratuzilmani yaratishdir.
 
Bu tizim barcha saylovchilar umumiy sonini, yaʼni maʼmuriy-hududiy birliklar kesimida ularni aniqlash, shuningdek, xorijdagi vatandosh saylovchilar hisobini olish, saylov okrugi va uchastkalaridagi saylovchilar normasini belgilash uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
 
Mazkur tizimni joriy qilish saylovlarning shaffofligini, “bir saylovchi – bir ovozga ega” prinsipini qatʼiy amalga oshiradi. Roʻyxatning xolisligi va izchil yangilanib borishini taʼminlaydi. Saylovchilar yashash manzili oʻzgarganda onlayn tarzda murojaat qilib, saylov uchastkasini oʻzgartirishi oson boʻladi. Har bir saylovchi tegishli maʼlumotlar bazasi bilan tanishish uchun imkoniyatiga ega boʻladi. Okrug va saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish, yakunlarini umumlashtirish ishlarini yengillashtiradi.
 
Elektron tizim – saylovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish bilan birgalikda saylov komissiyalari ishini ham osonlashtiradi. Bundan tashqari, ushbu dasturning ishga tushirilishi fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, chet ellarga chiqish va qaytishi haqidagi batafsil maʼlumotlarni, uy-joy va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini toʻliq hisob-kitobini, hududlar, koʻchalar, uylar va xonadonlarning nomlari va raqamlarini elektron shaklda aniq va ravshan belgilanishini taqozo etadi.
 
Bu, oʻz navbatida, fuqarolik holati dalolatnomalarini toʻliq tartibga solish, aholi migratsiyasi, pasport tizimi va davlat kadastr xizmati ahvolini yuqori saviyaga koʻtarishga olib keladi. Shuningdek, soliq solish obyektlari kengayadi va byudjet daromadlari oshadi.
 
– Saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha eksperiment oʻtkazilgan edi. Bu qanday natija bergan?
 
– Haqiqatan, 2017 yil 24 dekabr kuni boʻlib oʻtgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlarda saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash maqsadida axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish va saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini tuzish ilk marotaba huquqiy eksperiment tariqasida sinovdan oʻtkazilgan.
 
Saylovchining yagona elektron roʻyxatga kiritilishi har bir fuqaroni aniq manzili bilan birgalikda roʻyxatga olish demakdir. Hozirgi kunga qadar, toʻgʻrisini aytadigan boʻlsak, bitta saylovchi bir nechta roʻyxatga kirib qolishi holatlari uchrayotgandi. Yaʼni propiskasi bir joyda, yashash joyi boshqa yerda. Bu esa, oʻz navbatida, saylov kuni ayrim muammolarni keltirib chiqarar edi. “Bir saylovchi – bir ovoz”ga ega degan prinsipga ayrim joylarda rioya etilmaganligi xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham qayd etilgan edi.
 
Yana bir muammo: bu saylovchilarning doimiy va vaqtincha yashash joylari toʻgʻrisidagi ishonchli va aniq axborotning yetarli emasligidir. Bu esa boshqa bir muammoni keltirib chiqargan. Mazkur masala koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining yoʻqligi yoki obyektlar yagona reyestri qogʻoz shaklida eskirib ketgan va birxillashtirilmaganligi muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarar edi. Saylov uchastkalarining zamonaviy kompyuter uskunalari bilan jihozlanishi va ularning internet tarmogʻiga ulanishi darajasi pastligicha qolayotgani saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish imkonini bermagan. Shuningdek, joylardagi saylov komissiyalari aʼzolarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir bilim va koʻnikmalari darajasi pastligi saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishda qiyinchilik tugʻdirgan.
 
Saylov jarayoniga AKTni joriy qilish boʻyicha xorijiy tajriba ham batafsil oʻrganildi. Rivojlangan demokratik davlatlarning saylov qonunchiligi va amaliyoti, xususan 20 dan ziyod nafaqat Gʻarbiy Yevropa, balki Sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlarining tajribasi ham tahlil qilindi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Butunjaxon saylov organlari assotsiatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari eʼtiborga olindi.
 
Mana endi yangi qarorga asosan 2019 yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar jarayonida mazkur yangi tizim amaliyotga joriy etiladi.
 
– Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy qilishda Markaziy saylov komissiyasi qanday vazifalarni bajaradi?
 
– Prezidentimiz qarorida Markaziy saylov komissiyasiga mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy qilish va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan foydalanish boʻyicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshirish yuklangan.
 
Shuningdek, saylov komissiyalari vakillarini yangi tizim bilan ishlash koʻnikmalariga oʻqitish vazifalari qatʼiy etib belgilab berildi. Markaziy saylov komissiyasida yigʻilish oʻtkazilib, qaror ijrosi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari, manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
 
Mazkur qaror mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirish, saylovchilarning huquqiy madaniyati hamda siyosiy faolligini yuksaltirish, saylovlarning ochiq, oshkora va transparentligini taʼminlashga zarur sharoit yaratadi. Saylov jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini kengaytirish borasida dasturilamal boʻlishiga ham ishonchimiz komil.
 
Qayd etib oʻtish joiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda saylov tizimini isloh qilish, uni yanada demokratlashtirish, xalqaro andoza va prinsiplarga moslashtirish, fuqarolarga qulaylik va erkinlik yaratish boʻyicha ulkan ishlar olib borilmoqda. Saylov qonunchiligini takomillashtirish yoʻlida yangi Saylov kodeksi loyihasi keng xalq muhokamasidan oʻtmoqda, xalqaro ekspertlar va tashkilotlarning xulosalari olinmoqda.
 
Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarni tubdan yangi bosqichga koʻtaradigan amaliy ishlarga yoʻl ochdi.
 

Norgul Abduraimova, OʻzA

Поделиться