O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligi yanada mustahkamlanmoqda

2018-10-08 | Jamiyat

Fransiya uzoq tarixga ega, iqtisodiyoti, madaniyati, ilm-fani rivojlangan, ikki yuz yildan ortiq demokratik taraqqiyot tajribasiga ega mamlakat sifatida eʼtirof etiladi. Yirik industrial-agrar mamlakat sifatida sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.

Mamlakat yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi salkam 3 trillion AQSH dollarini, YAIMni kishi boshiga taqsimlaganda esa, qariyb 45 ming dollarni tashkil etadi. Xorijiy mamlakatlarga sarmoya kiritish hajmi boʻyicha ham peshqadamlar safida boʻlib, ushbu koʻrsatkich boʻyicha u dunyoda AQSHdan soʻng ikkinchi oʻrinda turadi. Chunonchi, birgina 2014 yilda fransuz kompaniyalari tomonidan dunyo mamlakatlariga salkam 250 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan. Jahondagi eng yirik 500 kompaniyaning 39 tasi fransuz kompaniyalari hisoblanadi.

Ushbu raqamlar ortidagi yuqori iqtisodiy salohiyat Fransiyaga xalqaro maydonda muhim oʻrin egallashiga imkon bermoqda.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, birinchilardan boʻlib mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan davlatlardan biri ham Fransiyadir. Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 1 martda oʻrnatilgan. 1992 yildan iyundan boshlab Fransiyaning Oʻzbekistonda, 1995 yil mart oyidan boshlab esa, Oʻzbekistonning Fransiyada elchixonasi faoliyat boshlagan.

Oʻtgan davr mobaynida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning faollashuvida parlamentlararo hamkorlik ham alohida ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston – Fransiya” doʻstlik guruhi faoliyat olib bormoqda. Fransiya parlamenti vakillari mamlakatimizda oʻtkaziladigan xalqaro anjumanlarning faol ishtirokchilari hisoblanadi. Oʻz oʻrnida, Oliy Majlis vakillari ham Fransiyada oʻtadigan xalqaro tadbir va ikki tomonlama uchrashuvlarda muntazam qatnashishadi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda yurtimizda Fransiyaning dunyodagi oʻrni va roli yuqori baholanadi. Ikki mamlakat oʻrtasida koʻplab sohalarda teng sherikchilik tamoyiliga asoslangan holda samarali hamkorlik olib borilmoqda. Davlatlarimiz oʻrtasida, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilmiy-gumanitar sohalarda keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bundan ikkala davlat ham oʻzaro manfaatdordir.

Fransiya Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqidagi eng muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. 2017 yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 251,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. Biroq bu koʻrsatkich soʻnggi ikki yilda avvalgilariga qaraganda anchagina oshgan boʻlsa-da, hali mavjud imkoniyatlardan ancha pastdir.

Bugungi kunda “Eyrbus”, “Teknip”, “Obertyur”, “Tales”, “Serinnov”, “Komau Frans” kabi oʻnlab fransuz kompaniyalari Oʻzbekistonda turli savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqdalar. Ikki tomonlama munosabatlar nafaqat savdo-iqtisodiy sohada, balki siyosiy, madaniy, ilmiy-maʼrifiy va boshqa koʻplab sohalarda dinamik ravishda rivojlanib bormoqda. Ayniqsa yurtimizga ham eng koʻp sayyoh aynan Fransiyadan tashrif buyurmoqda.

Oʻzbekiston — Fransiya munosabatlaridagi mushtaraklikni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ishonchning tobora ortib borayotganida koʻrish mumkin. Davlatlarimizning koʻpgina muhim ahamiyatga ega boʻlgan muammolarni hal qilish borasidagi pozitsiyasi ham bir-biriga yaqin. Ikki mamlakatning xalqaro siyosiy maydonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga nisbatan bildirayotgan munosabati, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etishga boʻlgan intilishi bunga yaqqol dalildir.

Yaqin kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga koʻra, ushbu mamlakatga tarixiy tashrif bilan borishi kutilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining Yevropa qitʼasiga birinchi davlat tashrifi hisoblangan ushbu safar davomida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda qator bitim va shartnomalarning imzolanishi kutilmoqda.

Bu voqea toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, aloqalarni mustahkamlash, biznes-tuzilmalar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar yaratishi shubhasiz. Qolaversa, Fransiya, u orqali butun Yevropa jamoatchiligi eʼtiborini mamlakatimizda yuz berayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarning natijalariga qaratish imkoni paydo boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning ushbu rasmiy tashrifi Oʻzbekiston-Fransiya aloqalarini yanada yangi bosqichga koʻtarishda muhim amaliy qadam sifatida Yevropa peshqadamlaridan biri bilan barcha jabhada hamkorlik munosabatlarida yangi sahifa ochishi muqarrar.

 

Feruza ESHMATOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar

qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

Поделиться