O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xavfsiz turizm – sayyohlik rivojida muhim omildir
2018-10-08 | Turizm
3-5 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” ko’rgazmalar zalida “Ipak yo’lida turizm” XXIV Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo’lib o’tdi. Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini keng namoyish qilish, chet ellik sayyohlarni yurtimizga jalb qilish maqsadida o’tkazilgan mazkur yarmarka g’oyat samarali, taassurotlarga boyligi bilan alohida ajralib turdi.
Tadbir boshlanishidan oldin IIVning Alohida namunali ko’rgazmali orkestri tantanali ravishda turli kuylarni ijro etib, ishtirokchilar diqqatini va tabassumlarini zabt etdi.
O’tkazilgan yarmarkada qo’shni davlatlardan tashqari, Tailand, Singapur, Misr, Malayziya, Ozarbayjon, Hindiston, Koreya, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi va yana ko’plab mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlik firmalar, turoperatorlar, aviakompaniyalar o’z xizmatlarini namoyish etishdi. Xorijlik ishtirokchilar yurtimizning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Ko’rgazma doirasida tashkil etilgan “Hunarmandlar shaharchasi”, Sharq bozori, Milliy taomlar festivali tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi.
Yarmarkaning avvalgilardan farqli jihati shundaki, unda ichki ishlar organlari, xususan Ichki ishlar vazirligi tizimida yangi tashkil etilgan Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi ilk bor ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, O’zbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida shu yilning o’zida yigirmaga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi. Turistik salohiyati yuqori bo’lgan Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari tashkil qilindi va ular shu yilning boshidan faoliyat ko’rsata boshladi. Tuzilma xodimlari avvalambor mamlakatimizga kelgan xorijiy turistlarni hamda ichki turizm doirasida respublikamizning turli joylaridan tashrif buyurayotgan sayyohatchilarning xavfsizligini ta’minlash, huquq va erkinliklarini himoya qilish, sayyohlik namoyishi ob’ektlari va infratuzilmalari hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim xizmat burchlarini ado etib kelmoqdalar.
Zero, respublikamizda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida ichki ishlar organlari tomonidan kechayu-kunduz olib borilayotgan keng qamrovli va tizimli ishlar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining lokomotivi deb e’tirof etilayotgan turizm salohiyatini yuksaltirishning muhim omillaridan hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari shu erda hozirlangan, Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalariga ajratilgan, zamonaviy axborot texnologiyalari asosidagi kuzatuv tizimlari, aloqa vositalari hamda sayyohlarga yordam ko’rsatish uchun zarur anjomlar bilan jihozlangan maxsus avtobus, xizmat avtomashinalari, skuter va segveylar, shuningdek, faoliyatda foydalanilayotgan navigatsiya tizimlari, o’zi uchuvchi qurilma (dron) va planshetlar, xizmat kiyimlarining ajralib turuvchi belgilarini alohida qiziqish bilan kuzatishdi.ъ
Hech bir mubolag’asiz aytish mumkinki, xavfsiz turizmni ta’minlash bo’linma xodimlari tadbirda namoyish etgan texnika va texnologiyalar, ulardan mohirona foydalanishlari, tadbirga tashrif buyurgan chet el mehmonlarini qiziqtirgan savollarga ingliz, nemis, yapon va frantsuz tillarida malakali javob berishlari bilan birga yuqori saviyada erkin suhbatlasha olishlari ishtirokchilar e’tiborini jalb etdi.
Yangi bo’linmalar ishini tashkil etish tartibi, ularga kadrlar tanlovining jarayoni xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarda katta qiziqish uyg’otdi. Ularga Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash bo’linmalari hamda ular tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan faoliyat haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sayyohlik yarmarkasi ishtirokchilari va mehmonlarga IIVning ko’rgazmali axborot stendlari namoyish etildi. Xodimlarning har kungi xizmat faoliyati aks ettirilgan fotolavhalar, shuningdek, mamlakatimizga kelgan turistlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida O’zbekistonda bo’lish qoidalari, xavfsizlik choralari, diqqatga sazovor turistik ob’ektlar, zarur hollarda turistlar yordam so’rab murojaat etishi mumkin bo’lgan ichki ishlar organlarining telefon raqamlari to’g’risidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan bukletlar tarqatildi.
- Tarixiy shaharlari, betakror obidalari bilan xorijliklarni o’ziga jalb qilib kelayotgan O’zbekistonda sayyohlar xavfsizligini ta’minlaydigan tuzilma tashkil etilgani meni juda xursand qildi, - deydi yarmarkada ishtirok etgan Turkiya davlati fuqarosi Nejat Bil. - Ayniqsa, yosh xodimlarning xorijliklar bilan bemalol suhbatlashishi meni hayratlantirdi. Mehmonlarni boshiga ko’taradigan xalqning, sayyohlik rivoji uchun ularning xavfsizligini birinchi o’ringa qo’yadigan davlatning bu siyosati, albatta, o’zining yaxshi natijasini beradi.
Xulosa o’rnida ta’kidlash joizki, tadbir davomida ichki ishlar organlari tomonidan respublikamizda xorijiy va mahalliy sayyohlarning xavfsizligi to’la va ishonchli ta’minlanishi, tinch va osoyishta yurtimizda ularga hech bir xavf dahl qilmasligi ishonchli kafolatlanishi yaqqol namoyon qilindi.