O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2018-10-05 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasida saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisoblanadi. 

Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda SYAER deb yuritiladi) joriy etishga qaratilgan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish hamda uni shakllantirish va undan foydalanishda idoralararo oʻzaro hamkorlik tartibini reglamentlashga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi eksperiment tartibida 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov davomida sinovdan oʻtkazildi hamda xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi. 

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil saylov jarayoniga SYAERni toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi, xususan: 

birinchidan, respublika koʻlamida SYAERdan foydalanish amaliyotining mavjud emasligi bir saylovchining bir vaqtning oʻzida bir nechta roʻyxatlarga kiritilishiga olib kelmoqda va “bir saylovchi – bir ovoz” prinsipiga toʻliq rioya qilinishini taʼminlamayapti; 

ikkinchidan, saylovchi-fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisida haqqoniy boʻlmagan axborot fuqarolarni tegishli saylovchilar roʻyxatlariga avtomatik kiritishda aniqlikni taʼminlash imkonini bermayapti; 

uchinchidan, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining mavjud emasligi, shuningdek, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestridagi eskirgan va manfaatdor idoralar tomonidan foydalanilmaydigan axborot saylovchilarni uchastkalar boʻyicha taqsimlash jarayonini avtomatlashtirishga toʻsqinlik qilmoqda; 

toʻrtinchidan, saylov uchastkalarining zamonaviy kompyuter uskunalari bilan jihozlanishi va ularning internet tarmogʻiga ulanishi darajasi pastligicha qolayotgani saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish imkonini bermayapti; 

beshinchidan, joylardagi saylov komissiyalari aʼzolarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir bilim va koʻnikmalari darajasi pastligi saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishda qiyinchilik tugʻdirmoqda. 

Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni taʼminlash, shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan samarali foydalanish uchun zarur apparat-dasturiy infratuzilmani yaratish maqsadida: 

1. Markaziy saylov komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining mamlakatimizning butun hududida saylov jarayoniga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. 

2. SYAERni shakllantirishda Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga, Koʻchmas mulk obyektlari yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestriga muvofiq saylovchi-fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari toʻgʻrisidagi yagona axborotdan foydalanilishi belgilab qoʻyilsin. 

3. Belgilansinki: 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanish boʻyicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanishda yagona texnologik yondashuvni, shuningdek, ularning hududlarda samarali ishlashini taʼminlaydi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini yuritish uchun javobgar organ hisoblanadi; 

“UNICON.UZ” – “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari” DUK Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish, yanada takomillashtirish va unga texnik xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshiradi, shuningdek, uning samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlaydi. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Davlat soliq qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda: 

fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotni toʻliq dolzarblashtirishni oʻtkazishni; 

tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari rahbarlarini uyma-uy yurib oʻrganishni tashkil etishga jalb etishni; 

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda fuqarolarning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar axborot bazasini Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestriga va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestriga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazsin va xatlov natijalariga koʻra Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish jarayonini yakuniga yetkazsin

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qarorning 4-bandiga muvofiq uyma-uy yurib oʻrganish natijasida toʻplangan axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga kiritish uchun kompyuter uskunalari bilan jihozlangan zarur xonalar va xodimlarni ajratsin. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi: 

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining talabnomalariga koʻra ushbu qarorning 4-bandiga muvofiq uyma-uy yurib oʻrganish natijasida toʻplangan axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga kiritish uchun ajratilgan xonalarning belgilangan tartibda maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin; 

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlasin; 

Saylov uchastkasini aniqlashtirish va uni oʻzgartirish imkoniyatini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishni hisobga olgan holda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlasin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markaziy saylov komissiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-2019 yillarda saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi, shu jumladan, SYAER bilan ishlash koʻnikmalariga oʻqitishni taʼminlasin. 

9. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

10. Quyidagilar moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazishni hamda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha – 20 foizi Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, 80 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari; 

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasini modernizatsiya qilish boʻyicha – vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari; 

xonalarni ushbu qarorning 4 va 7-bandlariga muvofiq maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga ulash boʻyicha – Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari. 

11. Quyidagilarga: 

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov zimmasiga – fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligining axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq dolzarblashtirilishi uchun; 

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X.Abdullayev zimmasiga – koʻchmas mulk obyektlarining toʻliq xatlovdan oʻtkazilishi hamda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha ishlarning yakuniga yetkazilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sodiqov zimmasiga – Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining yanada takomillashtirilishi va toʻliq ishlashi, shuningdek, saylov komissiyalari saylov vaqtida maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga uzluksiz ulanishini taʼminlash uchun; 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – fuqarolarning yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotni dolzarblashtirish va saylov vaqtida saylov komissiyalari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan samarali foydalanishi uchun zarur xonalar, zamonaviy uskunalar va xodimlar taqdim etilishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.E.Abdusalomov zimmasiga – saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlash koʻnikmalariga oʻqitish va davlat organlarining ular zimmasiga saylov jarayoniga SYAERni joriy etish uchun zarur sharoitlarni yaratishga doir yuklangan majburiyatlarining bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin. 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3662-son qarorining 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin. 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 4-oktyabr

Поделиться