O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda Tashqi savdo vazirligi faoliyati yuzasidan axborot eshitildi

2018-09-29 | Iqtisodiyot

2018 yilning 28 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda Tashqi savdo vazirligi faoliyatiga doir axborot eshitildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi, aloqador vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari va xodimlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda Tashqi savdo vazirligining faoliyati  savdo-iqtisodiy aloqalarni va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga, mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim  vazifalar bajarishga, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni samarali amalga oshirishga, xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini mustahkamlash va xalq farovonligini oshirishga qaratildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 21 iyun kuni tarmoqlar va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish va o‘zlashtirish natijalari tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda investitsiya muhiti yaxshilangani tufayli iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar faol kirib kelmoqda.

Xususan, xorijiy davlatlarga tashriflar va muzokaralar natijasida qiymati 17 milliard dollar bo‘lgan 182 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 64 milliard dollar bo‘lgan 849 ta loyiha ro‘yxati tuzildi.

2018 yilning yanvar-avgust oylari yakuni bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasi 20,6 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga o‘sdi. Shu jumladan, eksport hajmi 8,6 mlrd. dollarga  yetdi (o‘sish sur’ati 31,2 %). Tashqi savdo salbiy saldosi 3,4 mlrd. dollarni tashkil qildi. Eksport tarkibida tovarlar 76,9 foizlik ulushga ega, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (20,4 %), oziq-ovqat mahsulotlari (8,6 %), shuningdek, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (7,2 %).

Shu bilan birga, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mazkur yo‘nalishlarda o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi milliy qonun hujjatlari talablarini hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish, shuningdek tashqi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish va faollashtirish zarurligini taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan hujjatlar hamda qarorlar to‘liq bajarilmasligi, shuningdek murojaatlar bilan ishlash borasida ham muammolar mavjudligi mamlakatimiz iqtisodiyotiga va xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.

Ma’ruzachilar o‘z nutqlarida nazoratni yanada kuchaytirish, xususan Prezident qarorlari va farmoyishlardagi topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Prezidentimiz poytaxtimiz Olmazor tumaniga amalga oshirgan tashrifi davomida belgilab berilgan va 4 ta sektor rahbarlari oldiga har yili o‘z sektori hududida 20 million dollardan jami 80 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish vazifasini bajarish masalasi ham muhokama qilindi. Unda sektorlar rahbarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish ishlarini alohida nazoratga olish, tumanga investitsiyalar kiritish, kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Qo‘mita majlisida Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlariga chet el investitsiyalari va zamonaviy texnologiyalar jalb qilish, yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va yuritish, shuningdek Tashqi savdo vazirligiga mamlakat eksport salohiyatini rivojlantirish, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga muhokama chog‘ida majlis ishtirokchilari yuqorida ko‘rsatilgan masalalar va bildirilgan takliflar barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtirokida darhol hal etish lozimligini ta’kidladi.

Majlis yakunida Qo‘mitaning ushbu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Поделиться